Breaking News

Kaliforniya shtatida yashirin tug'ruqxonalar tintuv qilindi


Ko'plab xitoylik homilador ayollar farzandlarining AQShda tug'ilishini ta'minlash uchun Kaliforniya shtatiga kelib, yashirin tug'ruqxonalar xizmatidan foydalanadi. AQSh federal huquq-tartibot xodimlari bir necha joyda reydlar o'tkazdi.

Mehmonxona shaklidagi bunday inshootlar 50 ming dollargacha haq so'raydi.

Reyd davomida hech kim hibsga olinmagan, ammo viza olish va soliq bilan bog'liq qonunbuzarliklar tekshirilmoqda.

Immigratsiya xodimlariga ko'ra, homilador ayollarning tug'ish uchun AQShga kelishi noqonuniy emas. AQSh konstitutsiyasiga ko'ra, bu zaminda tug'ilgan har qanday odam shu mamlakat fuqaroligini qo'lga kiritadi.

Tug'ruq biznesi bilan shug'ullanganlar xitoylik mijozlariga chaqaloq uchun ijtimoiy xavfsizlik raqami (SSN) va pasport ham olib bergan. Qonunga ko'ra, AQSh fuqarosi 21 yoshga to'lganda xorijdagi oila a'zolarini bu davlatga olib kelishga haqli.

Los-Anjelesda yashovchi xitoyliklar jamiyati bunday sayyohlik amaliyotining to'xtatilishi tarafdori.

"Biz bundan tashvishdamiz va hukumat uni to'xtatish uchun nimadir qiladi, degan umiddamiz", - deydi "Amerika ovozi" ga gapirgan faollardan biri.

Bunday biznes bilan shug'ullanganlar binolardan foydalanish qoidalarini ham buzganlikda ayblanmoqda.

Ayrim qonunchilar esa immigratsiya tizimini tubdan yangilash kerak deb keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG