Breaking News

Kaliforniyada hujjatsiz muhojirlar haydovchilik guvohnomasi olishga haqli


Hujjatsizlarga hujjat
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

Hujjatsizlarga hujjat

Kaliforniyada yashovchi hujjatsiz muhojirlar bundan buyon haydovchilik guvohnomasini olishga haqli. Yaqin orada milliondan ziyod odam bu hujjatni olish uchun ariza topshirishi kutilmoqda. Minglab odamlar topshirib bo’ldi. Kaliforniya bunday qonun qabul qilgan birinchi shtat bo’lmasa-da, AQSh bo’ylab eng ko’p noqonuniy immigrantlar aynan shu serquyosh o’lkada qo’nim topgan.

Noqonuniy muhojirlarga haydovchilik guvohnomasi - Kaliforniya - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun mana bu eshik oldida soatlab turish kerak. Lekin ko’plar nolimay navbatini kutadi, Kristian Alvarado ham.

“Aslida juda xursandman. Anchadan beri guvohnoma olishni istayman”.

Salvadorlik Alvarado va singlisi hujjatsiz immigrant. AQShga sakkiz yil avval kelgan. Ilk bor Kaliforniyada haydovchilik guvohnomasi olish uchun ariza topshirdi. O’z shaxsini va bu shtatda yashashini isbotlasa, so’ngra tibbiy ko’rikdan o’tib, imtihon topshirsa, guvohnomani bemalol oladi.

“Politsiyadan qo’rqib yashaymiz. Mashinani olib qo’yishidan qo’rqamiz. U holda ko’p pul to’lashga to’g’ri keladi-da”.

Alvarado boshiga tushgan ish haqida gapiryapti. O’shanda 800 dollar jarima to’lashga majbur bo’lgan. Bog’bon uchun bu katta pul. Yangi qonun qabul qilinishidan oldin ko’plab noqonuniy muhojirlar hujjatsiz mashina haydab yuravergan.

Yangi qonun o’laroq ba’zi qo’rquvlar barham topadi, ammo yangilari paydo bo’lyapti. Masalan, davlat idorasiga o’zi haqida ma’lumot berish kelajakda deportatsiyaga olib kelmaydimi? Xavotirga hojat yo’q, deydi Kaliforniya shtat hokimiyatidan Armando Botello.

“Kaliforniya Avtomobillar boshqarmasi boshqa davlat idoralari bilan ma’lumot almashmaydi. Faqat muayyan shaxs jiddiy jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan bo’lsa va bizga u haqda ma’lumot berish so’rovi kelsa, bunday ma’lumotni ular bilan o’rtoqlashishimiz mumkin,” - deydi rasmiy.

Muhojirlarga berilayotgan haydovchilik guvohnomasi xuddi oddiysiga o’xshaydi, faqat u bilan samolyotda uchish yoki federal hukumat binosiga kirish mumkin emas.

Markaziy Amerika resurs markazidan Ana Garsiya immigrantlarni xavotirga solayotgan yana bir masala bor, deydi.

“Ularga munosabat boshqacha bo’ladimi, diskriminatsiya qilinmaydimi, politsiya zobiti guvohnomani tekshirganida noqonuniy muhojir bor, deb immigratsion xizmatga qo’ng’iroq qilmaydimi?” - deydi u.

Siyosatshunos Dan Shnur esa yangi qonunga qarshi chiqayotganlar ham borligini aytadi.

“Haydovchilik guvohnomasiga qarshilar qonunni buzgan odamga hujjat berish noto’g’ri, deb keladi”.

Ammo Kaliforniyada o’tkazilgan so’rovlar aksariyat aholi immigrantlarga ijobiy qarashini ko’rsatgan.

“Yosh oq tanli saylovchilar immigratsiya sohasi keng ko’lamli islohotga muhtoj, deb fikr bildirgan, shu jumladan haydovchilik guvohnomasini berishni ma’qullagan. Chunki ular ota-bobolaridan farqli o’laroq, turli irq, din va millat vakillari bilan yonma-yon katta bo’lgan,” - deydi mutaxassis.

Bunday o’zgarishlar asta-sekin boshqa shtatlarda ham ro’y berib, yangi immigratsion qonunlar qabul qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG