Breaking News

AQSh mudofaa vaziri Indoneziya va Vyetnamga safar qiladi


AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis shu hafta Indoneziya va Vyetnamda bo’ladi. Juma kuni Mattis Prezident Donald Trampning Milliy xavfsizlik strategiyasi haqida so’zlar ekan, AQSh yuzlashayotgan tahdidlarni tilga oldi.

“Terrorchilarga qarshi kurashni davom ettiramiz, biroq AQSh milliy xavfsizligi uchun terrorizmdan kattaroq tahdid bor va bu yirik davlatlar o’rtasidagi raqobat”, - dedi Mattis.

Milliy xavfsizlik strategiyasida Xitoy va Rossiya ana shunday tahdidlar sifatida keltiriladi.

Mattisning aytishicha, Xitoy qo’shnilarini qo’rqitish uchun iqtisodiy qudratini ishga solmoqda, Janubiy Xitoy dengizida harbiy salohiyatini oshirmoqda.

Vyetnam va Indoneziya bo’sh kelmayapti. Bu mamlakatlar armiyalarini zamonaviylashtirmoqda. Vyetnam AQShning mintaqadagi muhim hamkorlaridan biri.

Shu bilan birga, deydi avstraliyalik tahlilchi Karl Tayer, Vyetnam AQShga ittifoqchi emas, chunki uning mudofaa siyosati alyanslar tuzishga, mamlakat ichida xorijiy davlat harbiy bazalar o’rnatilishiga qarshi.

Mattis safari davomida Xitoy qudrati va qo’shnilariga bosimi, Shimoliy Koreya yadro dasturi, Iroq va Suriyadan Janubi-sharqiy Osiyoga qaytayotgan “Islomiy davlat” to’dasi jangarilari xususida gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG