Bugun Rossiya va sobiq SSSRning ayrim davlatlarida 9-May bayrami nishonlandi. Shu munosabat bilan Rossiya va Belarus shaharlarida an’anaviy harbiy paradlar o’tkazildi. Qizil Maydonda o’tgan tadbirda yangi qurollar ko’z-ko’z qilindi, Prezident Vladimir Putin 11 daqiqalik bayonot bilan murojaat qildi.
Uning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyotni G’arbning Qrimga qarshi rejalanayotgan hujumining oldini olish uchun boshlashga majbur bo’ldi.
Ikkinchi jahon urushi 1939-yildan 1945-yilgacha davom etib, SSSR kamida 27 million fuqarosidan ayrilgan. 9-May O’zbekistonda ham bayram – Xotira va qadrlash kuni.
Urush boshida 6,5 million aholiga ega O’zbekistondan frontga salkam 1,5 million odam ketgan, 420 mingga yaqini halok bo’lgan, 338 nafar o’zbekistonlik qahramon nishoni bilan taqdirlangan.
G’arb matbuoti 9-may kuni Putin Ukrainaga qarshi urush e’lon qilib, umumiy harbiy safarbarlik haqida buyruq chiqaradi deya xabar bergan edi, ammo bunday bo’lmadi.
Rossiya qurolli kuchlari Mariupoldagi “Azovstal” po’lat zavodida jon saqlayotgan ukrainalik harbiylarni nishonga olayotgan bir paytda rus qo’shinlari nazoratiga o’tgan shaharda G’alaba kuniga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi. Rossiya zabt etgan Xerson va yana bir necha hududlarda ham mahalliy aholi SSSR va Rossiya bayroqlarini ko'tarib chiqdi.
Ukrainada so’nggi yillarda dekommunizatsiya siyosati doirasida 9-May tadbirlarida sovet nishonalarini taqish, sovet bayroqlari bilan chiqish taqiqlangan edi.
Putin Moskvada o’tgan “O’lmas polk” aksiyasida ham qatnashdi. Uning marhum otasi – urush qatnashchisi. “O’lmas polk” tadbirlari O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda ham o’tkazildi.
Belarusda harbiy paradni qabul qilgan Prezident Aleksandr Lukashenko ham bayram nutqi bilan xalqqa murojaat qilib, “natsizm tarafdorlari Ukrainani qurol bilan ta’minlayotganini, yodgorliklar, urush faxriylariga qarshi kurashayotganini” aytdi.
Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham Ikkinchi jahon urushini xotirlovchi tadbirlar bo’lib o’tdi. Xususan, Germaniyada mahalliy rus aholining yuzlab vakili Berlinda to’plandi.
Varshavada esa Rossiyaning Polshadagi elchisi Sergey Andreyev urushda halok bo’lgan askarlar yotgan qabristonda gulchambar qo’ymoqchi bo’lganida Ukraina bayroqlarini ko’tarib chiqqan odamlar tomonidan qizil bo’yoq bilan chaplandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu voqea bo’yicha keskin noroziligini bildirdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugungi bayonotida urush uning mamlakati g’alabasi bilan yakunlanishini aytdi.
Hafta oxirida Kiyevga tashrif buyurgan Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo Ukrainaga qurol va harbiy texnika va’da qildi. Kanadaning Kiyevdagi elchixonasini qayta ochgan Trudo Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqida ham e’lon qildi.
"Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordam, dronlar uchun kameralar, sun’iy yo’ldosh tasvirlari, kichik qurollar, o’q-dori, minalardan tozalash ishlari uchun pul ajratiladi”, - dedi u.
Trudo Ukraina importlariga qo’yilgan tariflar bekor qilinishi haqida ham bildirdi.
Yevropaga safari doirasida Ukraina g’arbiga tashrif buyurgan AQSh prezidentining rafiqasi Jill Bayden Kiyevga bormadi, Slovakiya bilan chegarada Ukraina prezidentining turmush o’rtog’i Olena Zelenska bilan uchrashdi.
Bayden Ujgorod shahrida ukrainalik qochqinlar uchun vaqtincha boshpana vazifasini o’tayotgan bir maktabda bo’ldi.
BMT hisobiga ko’ra, Rossiya 24-fevralda urush boshlaganidan beri Ukrainani 5,8 million odam tark etgan.
Facebook Forum