Breaking News

General Makkenzi: Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlar tiklanmoqda


General Frenk Makkenzi (o'rtada) Suriyada
General Frenk Makkenzi (o'rtada) Suriyada

AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo’mondonligi rahbari, general Frenk Makkenzi AQShning Suriyadagi besh harbiy bazasida bo’lib, askarlar tayyorgarligini ko’zdan kechirdi. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Suriyadagi missiyasidan voz kechmaydi va “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashishda davom etadi.

Amerikalik harbiylar kurdlarning qo’shinlarini ham tayyorgarlikdan o’tkazmoqda.

O’tgan yili Prezident Donald Tramp askarlarni Suriyadan chiqarishni buyurgan edi, biroq keyinchalik harbiy qo’mondonlar, Kongress va hamkor davlatlar rahbarlari kurdlar nazoratidagi neft konlarini jangarilardan himoya qilish uchun Trampni askarlarning bir qismini Suriyada qoldirishga ko’ndirishga muvaffaq bo’ldi.

Tramp buyrug’iga ko’ra askarlarning ma’lum qismi Suriyani tark etgani bilan Pentagon mamlakat sharqiga yangi qismlarni kiritdi.

General Makkenzi Suriya demokratik kuchlari qo’mondoni Mazlum Abdi bilan bazada ko’rishgan. Abdi undan kurd jangchilarini qo’llab-quvvatlashni davom ettirishni so’ragan. Makkenzi hozircha shunday bo’lishini aytgan.

“Biz Suriyada 100 yilga qolib ketmaymiz, albatta, va ular buni bilishadi. Ochig’i, qancha bo’lishimizni bilmayman ham. Hozircha hamkorlar bilan ishlash buyurilgan”, - dedi Makkenzi.

General bazadan bazaga vertolyotda uchgan.

Qo’shma Shtatlar o’tgan yili “Islomiy davlat” xalifaligiga barham berildi deyishiga qaramay, so’nggi oylarda jangarilar, ayniqsa, mamlakatning amerikalik askarlar joylashmagan g’arbida faollashgan.

Eron generali Qosim Sulaymoniyning oy boshida AQSh hujumida o’ldirilishi ketidan yuzaga kelgan taranglik “Islomiy davlat”ga qarshi amaliyotlarda tanaffusga olib keldi. Eronning qarshi hujumidan xavotirga tushgan AQSh Iroq va Suriyada xavfsizlik choralarini kuchaytirib, jangarilarga qarshi kurashdan chalg’idi.

“Iroqdagi voqealar ketidan amaliyotlarimizning susaygani rost. Ammo hozir qayta jonlangan. Hamkorlarimiz bilan haftada 3-4 ta amaliyot o’tkazyapmiz”, - dedi general Makkenzi.

Unga hamrohlik qilgan general-mayor Erik Xillning aytishicha, AQSh qo’shinlari kurd jangchilari bilan hamkorlikda vodiylar, g’orlar, sahrolarda yashirinib, qayta kuchga kirmoqchi bo’lgan jangarilarni nishonga olishda davom etmoqda. Xill Iroq va Suriyadagi maxsus kuchlarga qo’mondonlik qiladi.

Amerika generallari Suriya sharqidagi Dayr-az-Zo’r viloyatida joylashgan “Konoko” tabiiy gaz koniga biriktirilgan harbiy bazada muxbirlar bilan gaplashgan. Rasmiylarga ko’ra, ayni paytda Suriya sharqida 150 kilometrlik hududda taxminan 750 amerikalik askar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG