Jamoatchilik ko’ziga salkam bir oy ko’rinmagan Donald Trampning rafiqasi Melaniya chorshanba kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligida bo'lgan yig'ilishda turmush o’rtog’i bilan ishtirok etdi. Prezident Tramp vazirlik xodimlari bilan uchrasharkan, rafiqasini iliq so’zlar bilan olqishladi.
“Melaniyaga katta rahmat! U murakkab operatsiyani boshdan kechirdi, hozir ahvoli ancha yaxshi, biz u bilan faxrlanamiz. Birinchi xonim vazifalarini a’lo darajada bajaryapti. Xalqimiz sizni sevadi, rahmat sizga, azizam”, - dedi Tramp.
May oyida buyragidan operatsiya bo’lgan Tramp xonim kasalxonada besh kun yotdi, so’ng yana bir necha hafta kameralar nigohidan o’zini chetda tutdi, bu esa matbuotda ko’plab shov-shuvlarga sabab bo’ldi.
Prezident Tramp rafiqasining sog’lig’i haqidagi ayrim xabarlarni yolg’on, adolatsiz, deya ommaviy axborot vositalarini tanqid qildi.
Bir necha kun oldin Oq uyda harbiylar oila a’zolari bilan uchrashgan Donald va Melaniya Trampning videosi Twitter orqali tarqaldi.
Ogayo universiteti tarixchisi Katerina Jellisonning aytishicha, Melaniya Oq uyga kirganidan beri o‘zini panada tutishga harakat qiladi va bu imijidan voz kechgani yo’q.
“Bu esa odamlar orasida shov-shuvlarga sabab bo’ldi, Melaniya shaxsiga bo’lgan qiziqish kuchaydi. Aslida unga ham oldingi birinchi xonimlar kabi sinchkovlik bilan qarashmoqda. Farq shuki, Melaniya unga qiziqish bildirayotgan odamlarga ko’p ma’lumot bermayapti”, - deydi tarixchi.
Dam olish kunlari prezident dachasiga yo’l olgan Tramp oila a’zolari orasida ham Melaniya yo’q edi. Yaqinda farovonlik, ijtimoiy sahifalar va opioidlar mavzulari bo’yicha yangi tashabbus bilan chiqgan birinchi xonimning hafta oxirida oilasi bilan ko’rinmagani matbuot e’tiboridan chetda qolmadi.
Ba’zi tahlilchilarning aytishicha, uning xalq ko’z o’ngida yurishi konstitutsiyaviy yoki huquqiy masala bo’lmasa-da, amerikaliklar birinchi xonimning xalq ko’z o’ngida bo’lishini xohlaydi.
“Bunchalik tanqidiy yondashuvning sababi ham shu. Birinchi xonimning shaxsiy ahvoli, sog’lig’i, oilaviy sharoiti qanday bo’lmasin, omma oldida bo’lishini istashadi”, - deydi Katerina Jellison.
Prezident Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi keskin choralar ko’rar ekan, ayniqsa, bolalarning ota-onasidan ajralib qolishiga olib kelgan qarori ortidan qarshiliklar kuchayib, davlat rahbari qarorini o’zgartirishga majbur bo’ldi. Ota-onasidan ajralib qolgan 2300 nafar bolani qo’llab-quvvatlayman degan birinchi xonim ertasigayoq Texasga uchdi.
Melaniya bolalar saqlanayotgan markazga kirib borarkan, uning kiyimidagi “Mengaku, umuman farqi yo’q, sizgachi?” degan yozuv e’tiborsiz, tahlilsiz qolmadi.
Uning har bir siyosiy uchrashuvlarga kiygan kiyimlari ko’pchilik nazarida ekan, Melaniya Tramp muhokamasi hali-beri tinadiganga o’xshamaydi.
Facebook Forum