Breaking News

Amerikada urush faxriylariga qaraydigan vazirlik uyatga qoldi


Prezident Obama aybdorlar javob beradi deydi: “Da’volar haqiqat bo’lsa, isnod-ku! Bunaqangi nomusga chidab o’tirmayman”.
Prezident Obama aybdorlar javob beradi deydi: “Da’volar haqiqat bo’lsa, isnod-ku! Bunaqangi nomusga chidab o’tirmayman”.

Vatan qahramonlari deb qanchalik ko'kka ko'tarmasin, amalda Amerika hukumati faxriylarni e'zozlamaganlikda ayblanmoqda.

Vatan qahramonlari deb qanchalik ko'kka ko'tarmasin, amalda Amerika hukumati faxriylarni e'zozlamaganlikda ayblanmoqda. Urushlarda xizmat qilganlarning sog'lig'i va farovon yashashi uchun mas'ul vazirlik e’tiborsiz ishlagan. Natijada minglab keksalar zarur muolaja ololmagan. Ayrimlar vaqtida davolana olmasdan vafot etgan.

Veteranlar kasalxonada zarur yordam olmasdan, ayrimlar hatto hayotdan ko’z yumgani jamiyatni dahshatga soldi. Bu o’limning oldini olish mumkin edi. Prezident Obama aybdorlar javob beradi deydi:

“Da’volar haqiqat bo’lsa, isnod-ku! Bunaqangi nomusga chidab o’tirmayman”.

Faxriylarga xizmat ko’rsatgan yigirma olti muassasada tergov ketayapti. Arizona shtatidagi kasalxonada, masalan, 40 veteran hayotdan ko’z yumgan. Ularga vaqtida e’tibor berilmagan; bemorlar oylar davomida muolaja olishni kutgan.

Veteranlar salomatlik idorasi (Veterans Health Administration) 1700 kasalxonani boshqaradi va unda salkam to’qqiz million faxriy davolanadi.

Iroq va Afg’onistondagi urushlarda jarohatlanib qaytayotgan askarlar ko’paygani ma’lum. Vyetnam urushi faxriylari uchun va ruhiy xasta askarlar uchun yaqinda tibbiy yordam oshirildi. Bularning hammasini tegishli vazirlik eplolmay qoldi.

Lekin muammo shundaki, idora xatosini yashirishga, bemorlarni oylarcha kutishga majbur qilganini sir tutishga uringan. Bu esa jinoyat.

Shunday ekan, vazirlik (Department of Veterans Affairs) rahbari Erik Shinseki zudlik bilan ishdan haydalsin, deganlar bor. Shinseki, o’zi nogiron faxriy, idorada ishni to’g’ri yo’lga qo’yolmagan.

“Urush faxriylari masalalari bo’yicha muassasasi anchadan beri buzuq bir maskan edi. Shinseki bu kamchiliklarni topib, chetlatadi deya umid qilgan edik. Lekin ming afsus niyatimizni puchga chiqardi”, - deydi u.

Kongress layoqatsiz rasmiylarni tezda ishdan bo’shatishga doir qonun loyihasini muhokama qilayapti.

Senator Jon Makkeyn, urushda qon kechgan arbob, faxriylarni himoya qilmoqda.

“Vatan mudofaasi uchun olishgan qiz-o’g’illarni qadrlashimiz kerak. Ularga munosib inson bo’lishimiz kerak. Faxriylarga muomalamiz kim ekanimizni, fe’limizni namoyish etadi. Bugun bu sinovdan o’tolmadik”, - deydi Makkeyn.

Tergov davom etayotgan bir paytda Oq uy Urush faxriylari masalalari bo’yicha vazirni ishdan olmoqchi emas. Obama asosiy diqqatni sistemani yaxshilashga qaratmoqchi.

“Faxriylar bilsinki, kamchiliklarni bittama bitta hal qilamiz. Bosh qo’mondon sifatida ishontiraman sizni, oilangiz va o’zingizni barcha imtiyozlar bilan ta’minlaymiz. Buning uchun bor kuchimni ishga solaman”, - deydi Obama.

Xotira kunida Amerika vatanini himoya qilgan va bu yo’lda halok bo’lgan askarlarni yodga oladi. Lekin omon qolgan urush faxriylariga g’amxo’rlik qilish esdan chiqmasligi kerak.
Urush faxriylari masalalari bo'yicha vazirlik rahbari, urush veterani Erik Shinsekini Oq uy himoya qilmoqda.
Urush faxriylari masalalari bo'yicha vazirlik rahbari, urush veterani Erik Shinsekini Oq uy himoya qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG