Breaking News

AQSh senatori poraxo’rlikda aybdor topildi


Demokrat-senator Bob Menendes
Demokrat-senator Bob Menendes

Nyu-York sudi hay’ati Demokratik partiya va AQSh Senatining ko’zga ko’ringan a’zosi Robert Menendesni yuz minglab dollar pora olganlikda aybdor topdi.

Xalqaro hayot - 17-iyul, 2024-yil - Trampning siyosiy yulduzi porlamoqda. G'azoda yana o'lim
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:31 0:00

Sud materiallariga ko’ra, qonunchi mansabini suiiste’mol qilib, Misr hukumati foydasiga ish ko’rgan.

“Bu ishda korrupsiya darajasi odamni hayratga soladi. Pora naqd pul, oltin quymalari, “Mersedes-Bens” mashinasi ko’rinishida olingan. Bob Menendesning yillar davomida mansabini eng ko’p pul taklif etuvchi xaridorga sotishiga nihoyat chek qo’yildi”, - deydi federal prokuror Damian Uilyams.

Sud hay’atining qarorini bildirishi ketidan Nyu-Jersi shtatidan saylangan senator barcha ayblovlarni inkor etdi.

“Sud hay’ati qaroridan qattiq afsusdaman. Ushbu qaror qonun va dalillar asosida qabul qilinmaganiga ishonchim komil. Qarorga apellyatsiya beramiz. Xalqqa qilgan qasamyodimga hech qachon xiyonat qilmaganman. Hamisha o’z yurtim vatanparvari bo’ldim. Hech bir zamon xorijiy agent bo’lmadim”, - dedi Menendes.

Hay’at to’qqiz haftalik sud jarayoni yakunida qonunchini barcha 16 ta punkt bo’yicha aybdor topdi.

“Bu tarixiy hukm. Chunki senator Menendes nafaqat korrupsiyada, balki xorijiy davlat agenti sifatida harakat qilganlikda aybdor topildi”, - deydi sobiq federal prokuror Nima Rahmani.

Unga ko’ra, qonunchi bir necha yilga qamalishi mumkin.

“Ayrim punktlar bo’yicha maksimum qamoq jazosi 20 yilga teng. Sud jarayoni va hukm hech kim, jumladan Bob Menendes kabi qudratli va nufuzli senator ham qonundan ustun emasligini ko’rsatadi”, - deydi Rahmani.

AQSh Konstitutsiyasi Kongressga Menendesni Senatdan haydash vakolatini beradi. Biroq Boston universiteti professori Tomas Veylenning aytishicha, bu oson emas.

“Buning uchun senatorlarning uchdan ikki qismi bunga ovoz berishi kerak, biroq bu oson emas. Respublika tarixida 15 taga yaqin senator lavozimidan olingan”, - deydi Veylen.

Hibsga olingunga qadar 70 yashar Menendes Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida raislik qilgan.

Ayblanuvchi noyabr oyida bo’ladigan saylovda mustaqil nomzod sifatida qatnashmoqchi. Uning livanlik rafiqasi Nadin Menendes ham shu ish bo'yicha o'tmoqda, biroq u ayni paytda saratondan muolaja olayotgani bois sudya ayol ustidan mahkama ishini noma'lum muddatga qoldirdi.

Sudya Bob Menendesga hukmni oktabrda o'qishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG