“Thread” (Rishta) deb nomlangan notijoriy tashkilot o’n yildan oshibdiki, yoshlarga o’z orzulariga qanday erishish borasida yo’l-yo’riq ko’rsatib kelmoqda. Baltimorda joylashgan maskanda ko’ngillilar maktab o’quvchilariga kir yuvish kabi oddiy yumushlardan tortib, maktabga olib borib qo’yish, dars berish va ishga joylashtirishgacha bo’lgan sohalarda yordam beradi. “Hech qachon umidingni uzma” shiori ostida ishlaydigan dastur yoshlarni hayotga o’rgatadi.
Trey kollejga hujjat topshiryapti. Jarayonni tushunish oson emas.
Bu ishda unga mentori yordam beryapti. Hozir hammasi joyida.
“Anketalarni to’ldirish, parol tanlash kabi ishlarni amalga oshirishda ba’zan qiynalamiz”, - deydi Treyga ko’mak berayotgan Brenda Uilson.
Sobiq o’qituvchi va huquqshunos Brenda Uilson Treyga ikki yildan beri mentorlik qiladi.
“U maktabni yaqinda bitirdi. Endi nima qilmoqchiligi va maqsadlari haqida o’ylanyapti”, - deydi u.
“Brenda bilan ishlashni endi boshlaganimda kompyuterlarni yoqtirmasdim. U bu qarashim o’zgarishiga, kompyuterda ishlashni o’rganishimga yordam berdi. Kollejga borganda bu kerak”, - deydi Trey.
“Ko’ngilli bir ishga ham o’xshamaydi. Treyga xuddi oilam a’zosidek yaqin munosabatdaman”, - deydi Uilson.
Tashkilotda 600 dan ortiq yordamchi bor. Maktabni bitirib o’z yo’lini topishga qiynalayotgan o’quvchilar o’zlariga mos mentorlar bilan biriktirib qo’yiladi. Ular o’rtasidagi aloqa o’n yillab davom etadi. Yoshlar biror narsaga ehtiyoj sezga, mentorlar doim ular yordamiga oshiqadi.
Talabalar yozgi mavsumiy yoki doimiy ishlarga joylashish uchun mutaxassis maslahatlarini ham oladi.
Kis such yil oldin dasturga qo’shilganda 15 yosh edi. Hayotimda bu tashkilot katta o’zgarish qildi, deydi u.
“Muammolarim ko’p edi. Baltimorga ko’chganimda, hech kimni tanimasdim, chunki bu yerda oilam yo’q edi. Ular hayotimga kirib kelib, hamma narsada yordam berishdi”, - deydi u.
Kisning mentori, Jons Xopkins universiteti talabasi Jessi Koen munosabatimiz ikki tomonlama foydali, deydi.
“Kis menga dunyoqarash bo’yicha ko’p narsa o’rgatdi. Bugungi kunga erishish uchun u ko’p to’siqlarni yengib o’tdi. Shunga qaramay, u juda kamtar. Maqsadiga jiddiy yondoshadi va bu odamni ruhlantiradi”, - deydi u.
Dastur muvaffaqiyati ortida talabalar muammolarini tushunish va ularga g’amxo’rlik qilish turibdi.