Meksikaning eng qudratli va badavlat jinoyatchilaridan biri, El Chapo laqabi bilan tanilgan Xoakin Gusman qayta qo'lga olindi. Bundan 7 oy ilgari u Meksikaning qattiq qo'riqlanadigan turmasidan yer osti tunnellar orqali qochgan edi.
Tongda Sinaloa shtatida o'tkazilgan reydda Gusmanning bir qancha odamlari halok bo'lgan, olti nafari hibsga olingan.
Maxsus kuchlar qo'llari kishlanlangan narkobaronni jurnalistlarga ko'z-ko'z qilib, u oxirgi marta qochgan "Altiplano" qamoqxonasiga vertolyotda olib ketishdi.
Meksiya hukumati El Chaponing ushlanganini katta yutuq deya e'tirof etmoqda. 2015-yilning iyulida uning qochishiga qamoqxona nozirlairning o'zi yordam bergani haqida ko'p mish-mishlar tarqalgan, tizim qanchalik korrupsiyaga botganini ko'rsatgan edi.
Qamoqxonaning 20 rahbari, qo'riqchi va politsiyachilar Gusmanga madad ko'rsatganlikda ayblanib, hibsga olingan. O'shanda u kamerasidagi hammom tagida qazilgan 1,5 kilometrli tunnel orqali qochgan.
Xoakin Gusman boshchilik qiladigan Sinaloa jinoiy guruhi Meksika va Amerika o'rtasida qoradori savdosi bilan shug'ullanadi. Kokain, marixuana va boshqa giyohvand moddalar ikki davlat chegarasida qazilgan tunellar orqali tashiladi.
Bir necha yillik qidiruvdan so'ng Gusman o'tgan yili hibsga olinganida Qo'shma Shtatlar uni ekstraditsiya qilishni so'ragan, biroq Meksika hukumati bunga ko'nmagan.
Meksika Prezidenti Enrike Pena Neto so'zlariga ko'ra, hozirda eng ashaddiy 122 jinoyatchidan 98 nafari hibsda. Ular jamiyatga ortiq xavf solmaydi, deya maqtandi u.