Breaking News

Yaqin Sharq bir kun ichida. 26-oktabr tafsilotlari


Liviya muvaqqat hukumati rahbarlari
Liviya muvaqqat hukumati rahbarlari

TUNIS

Bugun Tunisda parlament saylovlarining yakuniy natijasi e'lon qilinishi kutilmoqda. Poytaxt atrofida ovozlar hali oxirigacha hisoblab bo'linmagan. Dastlabki natijalarga ko'ra, mo'tadil islomiy "An-Nahda" partiyasi 217 o'rinli qonunchilik organida ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritib, koalitsion hukumat tuzish borasida so'l qanot "Kongress Respublika uchun" va Mehnat va erkinliklar uchun demokratik forum partiyalari bilan muzokara boshlagan.

Mahalliy kuzatuvchilar yangi hukumat arab dunyosi uchun yaxshi namuna bo'la oladi, deya umid qilmoqda.

Saylov kampaniyasi davomida "An-Nahda" partiyasi Turkiyadagi hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi kabi siyosat yuritishini bildirgan. "An-Nahda" o'z bosh kotibi Hamadi Jebaliyni bosh vazirlikka ko'rsatmoqchi.

LIVIYA

Liviya muvaqqat hukumati rahbari NATO dan mamlakatdagi missiyasini yil oxirigacha davom ettirishni so'ramoqda. Marhum sobiq rahbar Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlarning birlashib, yangi hukumatga xavf solishining oldini olish kerak, deydi Mustafo Abdul Jalil.

Bugun Qatarda Qaddafiydan keyingi Liviya kelajagiga bag'ishlangan xalqaro anjuman o'tmoqda. Ma'lum bo'lishicha, yuzlab qatarlik askarlar Qaddafiy kuchlariga qarshi Liviya muxolifati tomonida jang qilgan.

Bryusselda esa NATO ga a'zo davlatlar elchilari yetti oylik kampaniyani tugatish haqida fikr almashib, Liviya muvaqqat hukumati bilan maslahatdan so'ng juma kuni tugal qaror qabul qilmoqchi. O'tgan hafta NATO missiyani 31-oktabrda tugatish haqida ma'lum qilgan edi.

Muammar Qaddafiy kecha sahroda ko'milgan. Aniq joyi oshkor etilmayapti. U payshanba kuni Sirtada otib o'ldirilgan edi.

SURIYA

Bugun Arab Ligasi Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan mamlakatdagi ahvolni muhokama qilish uchun uchrashadi. Suriyada zo'ravonliklar tinmayapti. Hama shahrida otilgan raketa harbiy transportga tegib, to'qqiz askar o'lgan. Xabarlarga ko'ra, muxolifat tomoniga o'tgan harbiylarning ishi bu. Suriyaning boshqa hududlarida ham to'qnashuvlar kuzatilib, yana ikki odam o'lgan.

Arab Ligasi prezident Bashar al-Assadga muxolifat bilan muloqotni boshlashni taklif qilmoqchi.

ISROIL-FALASTIN

Isroil va Falastin o'rtasidagi tinchlik muloqotida vositachi Yaqin Sharq To'rtligi har ikki tomon bilan bugun Quddusda uchrashib, muzokaralarni jonlantirmoqchi. To'rtlikka Qo'shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi, BMT va Rossiya kiradi.

Falastin muxtoriyati Isroil Sharqiy Quddus va G'arbiy Sohilda qurilishlarni bas qilmaguncha, bevosita muloqot qilmaymiz demoqda hamda bo'lajak Falastin davlati cheragalarini 1967-yilgi urushdan oldingi hududlar asosida belgilashni talab qilmoqda. Arab davlatlari bilan olti kun kechgan urush nihoyasida Isroil G'arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va G'azo Sektorini bosib olgan edi.

Isroil muzokaraga tayyor, ammo Falastin shartlarini bajarmoqchi emas. Muloqot bir yildan oshiq vaqt burun to'xtab qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG