Breaking News

Tunisda islomiy partiya g'olib; Liviyada Qaddafiy dafn etildi


Tunisda parlament saylovlari, 23-oktabr, 2011-yil
Tunisda parlament saylovlari, 23-oktabr, 2011-yil

TUNIS

"Arab bahori"ga turtki bergan Tunis inqilobidan qariyb o'n oy keyin o'tkazilgan ilk erkin va demokratik saylovlarda mo'tadil hisoblangan "An-Nahda" islomiy partiyasi g'alaba qildi. Guruh aksariyat ovozlarni qo'lga kirita olmagani uchun koalitsion hukumat tuzishga majbur.

Saylovlarda qariyb to'rt yarim million fuqaro ovoz berdi. Oldingi saylovlarga qaraganda faollik ancha oshib, 70 foizni tashkil etgan. Jarayon erkin va adolatli, mintaqa mamlakatlari uchun namunali deya ta'riflanmoqda. Qariyb 100 partiya ishtirokida o'tgan saylov natijalariga ko'ra, yangi noiblarning qariyb uchdan birini ayollar tashkil etadi.

AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqi jarayon mintaqa uchun o'rnak deya maqtamoqda.

"Mayda xatolarni nazarga olmaganda bu katta yutuq, demokratiya sari olg'a qo'yilgan qadam", - deydi saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Peru sobiq rahbari Alexandro Toledo.

Mo'tadil islomiy "An-Nahda" firqasining yuqori lavozimli vakili bugun jurnalistlarga bergan izohatida partiya dunyoviy tuzum va demokratik davlat qurish tarafdori ekanini ta'kidlagan.

"Tunisda milliy birlik hukumati tuziladi, hali ham shu fikrdamiz", - deydi Sayid Ferjoniy.

Xabarlarga ko'ra, so'l qanot "Kongress - Respublika uchun" partiyasi ikkinchi o'rinni olgan. Tunis inqilobidan oldin uzoq yillar Fransiyada surgunda yashagan muxolifatchi Mansuf Marzukiy yetakchiligidagi bu guruh koalitsion hukumat tuzish tarafdori ekanini aytgan edi.

G'olib islomiy "An-Nahda" rahbari Rashid G'annuchiy Turkiya singari islomiy yo'nalishdagi dunyoviy davlat tuzishga ahd qilganmiz, deydi.

217 o'rinli Oliy Majlis Tunisning inqilobdan keyingi yangi konsitutsiyasini ishlab chiqadi va kelgusida yangi ma'muriyatni belgilovchi muvaqqat hukumatni tuzadi.

LIVIYA

Liviya muvaqqat hukumati sobiq rahbar Muammar Qaddafiyning jasadi noma'lum joyda ko'milganini bildirmoqda. Uning halok bo'lgan o'g'li Mutassim va sobiq mudofaa vaziri Abu Bakr Yunus ham maxfiy marosim orqali dafn etilgan. Qabrlari belgilanmagan.

Qaddafiyning jasadi juma kundan beri muzlatilgan holda Misrata shahrida ommaga namoyish etilgan edi. Nyu-Yorkda asoslangan Human Rights Watch tashkilotiga ko'ra, so'nggi janglar kechgan Sirta shahri atrofida qarovsiz qolgan qurol omborlari bor. Xususan, ikki joyda raketa, tank va minomyot o'qlari va boshqa qurollar topilgan. Ayrimlari o'marilgan.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi bu tashkilot muvaqqat hukumat va NATOga qarovsiz qolgan qurol-yarog'ni nazoratga olish haqida ko'pdan beri bong urib kelgan.

MISR

Human Rights Watch tashkiloti Misr hukumatini oy boshida nasroniy namoyishchilarning armiya tomonidan o'qqa tutilishi yuzasidan tergov boshlashga chaqirmoqda. Ammo, deyiladi tashkilot bayonotida, tergovni mustaqil komissiya o'tkazishi kerak.

"Hokimiyat ayni damda vaqtinchalik harbiylar qo'lida ekan, armiya o'zini-o'zi xolis tergov qila olmaydi", - deydi Human Rights Watch.

9-oktabr kuni poytaxt Qohirada xavfsizlik kuchlari, musulmon va nasroniy aholi to'qnashib, 25 odam o'lgan edi. Kuzatuvchilarga ko'ra, zobitlar nasroniylarni harbiy transportda bosib ketgan. Hukumat askarlarga qo'yilgan ayblovlarni rad etmoqda. Ammo jinoyatni namoyish etuvchi video yuzaga chiqib, xalqning harbiylarga nisbatan g'azabi kuchaygan.

AQSh prezidenti Barak Obama Misr harbiy kengashi rahbarini favqulodda holatni tugatib, demokratik boshqaruvga zudlik bilan o'tishga chaqirgan.

SURIYA

Londonda asoslangan Xalqaro Amnistiya tashkilotining bildirishicha, Suriya hukumati to'qnashuvlarda jarohat olib, kasalxonada davolanayotgan odamlarni ta'qibga olmoqda. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi guruh nazarida davlatga qarashli to'rt kasalxonada bemorlar qiynoqqa solingan, ularni davolayotgan shifokorlarga bosim qo'yilmoqda.

Ayrimlar kasalxonaga murojaat etmaslikni afzal ko'rmoqda. Xalqaro Amnistiya rasmiy Damashqni bunday amaliyotga chek qo'yishga, bemorlarning muolajasiga to'sqinlik qo'ymaslikka chaqirmoqda.

BMTda Suriya hukumati harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya loyihasiga qarshi chiqqan Xitoy kecha prezident Bashar al-Assadni va'da qilingan barcha islohotlarni amalga oshirishga hamda omma talablariga quloq solishga da'vat etdi.

Bugun Xitoy rasmiysi mamlakatda bo'ladi. Bu o'rtada Suriya AQShdagi elchisini vataniga chaqirib olgan. Undan oldin esa AQSh elchisi Robert Ford Suriyani tark etishga majbur bo'lgan. Xabarlarga ko'ra, rasmiy Vashington diplomat hayotiga tahdid borligi aniqlangach shunday qarorga kelgan.

YAMAN

Yamanda xavfsizlik kuchlari poytaxt Sanoda hukumatga qarshi namoyish qilgan odamlarni o'qqa tutib, ikkisini o'ldirgan, salkam 40 odam yaralangan. Namoyishga chiqqan o'n minglab odamlar prezident Ali Abdulla Solih iste'fosini talab qilmoqda.

Namoyishchilar armiya bilan to'qnashgani ham ma'lum. Solih BMT Xavfsizlik Kengashining uni hokimiyatdan ketishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini olqishlab, bunga tayyor ekanini aytmoqda. Prezidentga huquqiy daxlsizlik evaziga 30 kun ichida lavozimini o'rinbosariga topshirish taklif etilgan. Solih xalqaro kafolatlar so'rab, bungacha uch bor rejaga qarshi chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG