Breaking News

Tunisda islomiy partiya koalitsion hukumat tuzishga kirishdi


Tunisda islomiy partiya koalitsion hukumat tuzishga kirishdi
Tunisda islomiy partiya koalitsion hukumat tuzishga kirishdi

Tunisda bo’lib o’tgan ilk erkin saylovlarda “Innahda” islomiy partiyasi g’alaba qozongan. Endilikda koalitsion hukumat tuzishga kirishmoqda. Islomiy tuzum tarafdorlari 41 foiz, ya’ni raqiblaridan uch baravar ko’p ovoz to’plagan.

Kecha Tunisning Sidi Buzid shahrida yuzlab fuqaro saylov natijasini qoralab namoyish qilgan. “Innahda” partiyasi idorasiga bostirib kirishga harakat qilgan ommaga qarshi politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’lladi.

Sidi Buzid – uzoq yillik rahbar Zaynobiddin bin Aliga qarshi qo’zg’olonni boshlab bergan markaz hisoblanadi. Namoyishchilar raqib partiyaga berilgan ovozlar bekor qilinganidan norozi.

Rashid G'anuchiy
Rashid G'anuchiy

“Innahda” rahbari Rashid G’anuchiy yangi hukumat do’stlik va birodarlik ruhida tuziladi, deya barchani tinchlikka chaqirmoqda.

U boshliq diniy harakat parlamentda 90 o’rinni qo’lga kiritgan. Bu degani, Tunis yangi konstitutsiyasini tuzish va prezidentni saylashga javobgar kengash ham uning iznida.

Erkin va adolatli deya baholangan saylovda liberal guruhlar – Kongress Respublikasi hamda Mehnat va Erkinliklar uchun Demokratik Forum partiyasi ikkinchi va uchinchi o’rinni qo’lga kiritgan. Koalitsion hukumat tuzish uchun muzokara ketmoqda.

Saylov - yil boshida inqilobni boshdan kechirgan Tunis uchun tarixiy voqea. “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti vakili Erik Goldshteyn yangi bosh qomus ahamiyatiga to’xtaladi.

Tunisda islomiy partiya koalitsion hukumat tuzishga kirishdi
Tunisda islomiy partiya koalitsion hukumat tuzishga kirishdi

“Konstitutsiya qonunlar qay tomon o’zgarishini, xalqning hokimiyatga bo’lgan munosabatini belgilaydi. Tunis uchun prezidentlik yoki parlament tizimi ma’qulmi, buni belgilab olish zarur”, - deydi Goldshteyn.

Yaqin Sharqda inqilobni boshlab bergan Tunis qo’shnilarga ibrat bo’la oladimi?

Siyosatshunos Stiven Ekovich fikricha, diktatura sarqitlaridan qutulish, ochiq jamiyatga aylanish uzoq va mashaqqatli jarayon bo’lishi aniq. Lekin, deydi u, yangi siyosiy tuzumdan umidlar katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG