So’nggi 80 yildan buyon Qo’shma Shtatlar o’z armiyasida xizmat qilgan chet elliklarga fuqarolik taklif etib kelgan. 1940-yilgi qonunga ko’ra xorijiy davlatda tug’ilgan harbiy xizmatchi sharaf bilan xizmat qilayotgani uning qo’mondonlari tomonidan tasdiqlansa fuqarolikni tezlashtirilgan tartibda olishi mumkin.
2017-yilning oktabrida Tramp ma’muriyati yangi talablar qo’yib, jarayonni o’zgartirdi. Ilgari grin kartaga ega shaxs harbiy treningni boshlaganidan so’ng va kamida bir kun xizmat qilgan bo’lsa, fuqarolik arizasini topshirishi mumkin edi. Endi esa treningni yakunlash, armiyada kamida 180 kun yoki zaxirada bir yil bo’lish hamda keng qamrovli tekshiruvdan o’tish talab qilinmoqda.
O’shanda AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Stefani Miller o’zgarishlarga shunday izoh bergan:
“Vazirlik harbiy xizmat orqali tezlashtirilgan tartibda qo’lga kiritilgan fuqarolik ahamiyatini tan olsa-da, amaldagi va bo’lajak harbiy xizmatchilar fuqarolikni olishdan oldin xavfsizlik va muvofiqlik tekshiruvidan o’tishi milliy manfaatlarga javob beradi”.
Ammo o’tgan oy federal sud yangi qoidalarni noqonuniy deb topib, eski tartibni tikladi. Pentagon va Adliya vazirligi bu borada “Amerika Ovozi”ga izoh berishni istamadi.
“Mijozlarimiz va ular singari yana minglab odamlar sharafli harbiy xizmat orqali haqli ravishda fuqarolik olishning tezlashtirilgan tartibidan yana foydalana olishadi”, - deydi Amerika fuqaro erkinliklari uyushmasida huquqshunos Skarlet Kim.
Sudga shikoyat
Tramp ma’muriyati ustidan 8 harbiy xizmatchi sudga shikoyat qilgan edi. Ularning 7 nafari grin karta sohiblari va yana biri Amerikada ulg’aygan hujjatsiz muhojir. 2017-yilda joriy etilgan yangi qoidalar, deyiladi ularning shikoyatida, maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma olishni kechiriktirdi, harbiy karyeramizga salbiy ta’sir qildi va bizni fuqarolik olish imkoniyatdan mahrum qildi.
R. Husayn 2013-yilda Fulbrayt ta’lim dasturi orqali Amerikaga kelgan va o’qishni tamomlasdan AQShdan boshpana so’ragan. Vatanida u Pokiston va Hindiston o’rtasida talash chegara hududida yashagan.
“AQShga kelganimdan 4-5 oy o’tib, advokat bilan gaplashdim. U AQShda qolishimga asos borligini aytdi. Nihoyat 2018-yilda ishlash uchun ruxsatnoma berishdi. Grin kartani yana bir yil kutdim. 2019-yilda grin kartani olgach, Harbiy-havo kuchlariga xizmatga yozildim”, - deydi u.
Grin karta AQShda yashash va ishlash huquqini, bir necha yildan keyin fuqarolik olish imkoniyatini beradi.
Ekspertlarning qayd etishicha, fuqarolik jarayonini tezlashtirish chet elda tug’ilgan askarlar o’z ishini bajarishi uchun ularni huquqiy himoya bilan ta’minlaydi. Harbiy xizmatchilar xorijiy davlatga jo’natilishi, jumladan, o’zi tug’ilgan mamlakatga safarbar etilishi mumkinligi sababli, agar AQSh fuqaroligi bo’lmasa, o’sha davlat qonunlariga bo’ysunadi.
Biroq harbiy xizmat evaziga qo’lga kiritilgan fuqarolik tortib olinishi ham mumkin. Agar askar besh yil davomida namunali xizmat qilmasa, fuqaroligi bekor qilinadi.
Iste’fodagi podpolkovnik va immigratsiya bo’yicha advokat Margaret Stok so’zlariga ko’ra, federal sud qarori minglab odamlarga, asosan grin karta egalariga ta’sir qiladi. Unga ko’ra, sudlar yangi qoidalarni bekor qilishiga 3 yil vaqt ketgani sharmandalikdir.
“Qoidalar sabab minglab harbiylarning fuqarolikka kirishi kechikdi, armiyaga odam yollash qiyinlashdi”, - deydi Stok.
Arizalar kamaygan
Sud hujjatlariga ko’ra, 2001-yilning 1-oktabri va 2018-yil oralig’ida AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati 129 587 nafar harbiy xizmatchini fuqarolikka qabul qilgan.
Tramp ma’muriyati 2017-yilda yangi talablarni joriy etganidan beri harbiylarning fuqarolikka kirish arizalari 72 foizga kamaygan. R. Husayn ham navbatini kutmoqda.
“Fuqarolikka kirish uchun testdan o’tdim. Qo’limga anketa tutqazib, o’tding deyishdi. Hujjatlar tasdiqlandi, deyishdi. Lekin keyin menga telefon qilib, ko’proq hujjat so’rashdi”, - deydi u.
Husayn boshlang’ich harbiy tayyorgarlikdan o’tgan, fuqarolik uchun ariza topshirgan. Xizmatga kirganiga yaqinda bir yil to’ladi. Yangi talablar bekor qilingani unga umid bermoqda. AQSh fuqaroligini olsam, Pokistonga yaqinlarimni ko’rishga boraman, deydi u.
Facebook Forum