Amerikada ko'plab yoshlar o'qishga olgan qarzining og'iridan qiynaladi. Ish boshlamay turib qarzga botgan ular. Bu pulni qaytarishni o'ylagan qiz-yigitlar, 18-25 yoshdagilar bugun kredit kartalarini ochmaslikka qaror qilmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti uchun ziyon.
Stefani Okonnell Nyu-York Universitetining drama fakultetini bitirgan. O'qishdan keyin bo'ynida hanuz qarzi katta. Sohasida ish o'rinlari kam ekani bois u anchayin kamxarj bo'lib qoldi. Oxir-oqibat sohasini butunlay tark etib, moliyaviy ekspert sifatida ish topdi. O'zining moliya haqidagi blogi orqali u ko'p tengdoshlari xuddi shu ahvolda ekanini angladi.
"Yoshlar topganidan ko'p xarj qilishni xohlamaydi. Hayiqadi. Kredit kartalardan qo'rqishadi. Moliyaviy tavakkalchilik, sarmoya haqida o'ylamaydi", - deydi u.
Okonnel o'z o'quvchilari orasida ko'rganini Markaziy Bank ham tasdiqlamoqda. Amerikada 35 yoshgacha bo'lganlar orasida kredit kartasi borlar 1989-yildan buyon eng quyi darajaga tushgan.
Kredit kartalar Amerika moliya tizimining ajralmas qismi. Busiz yoshlar keyinroq mahsulot xarid qilishi, xususan, uy sotib olishi qiyin bo'ladi.
"Yigit-qizlar kredit tarixini, ishonchli, mustahkam kredit faoliyatini qurib borishi juda muhim. Ko'p kartochka ochib tashlasin demayman. Olgan qarzini vaqtida to'lay olishini qog'ozda isbotlay olishi, ishonchli xaridor sifatida gavdalanishi kerak ular", - deydi tahlilchi Adam Levin.
“Level Money” kabi mobil ilovalar esa yoshlarga o'ylab sarf-xarajat qilishda yordam beradi. Onlayn bu maslahatchi to'g'ri moliyaviy qarorlar qabul qilishni, qarzga botmaslikni o'rgatadi.