Breaking News

Islohot evaziga AQShdan moliyaviy yordam olayotgan davlatlar


AQShning “Ming yillik vazifalar” korporatsiyasi (Millennium Challenge Corporation) islohotlar yo’lidan ketayotgan kambag’al davlatlarga maxsus ko’rik orqali moliyaviy yordam ajratadi. 2004-yilda ishga tushgan agentlikning bosh maqsadi iqtisodiy o’sish orqali qashshoqlikni kamaytirishdir.

Saylov kampaniyasida tashqi yordam dasturlarini kesish haqida bayonotlar yangrayotgan bir paytda, korporatsiya Kongressdan kelasi yil uchun qo’shimcha 100 million dollar mablag’ so’ramoqda.

Dunyo bugun har qachongidan beqaror. Yevropada qochqinlar inqirozi. Suriyada urush. Terrorizm tahdidi oshib bormoqda. Ayrimlar fikricha, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi ko’plab muammolarga yechim bo’la oladi.

Dana Hayd “Ming yillik vazifalar” korporatsiyasini boshqaradi. Missiyamiz, deydi u, iqtisodiy o’sish orqali dunyo bo’ylab kambag’allikni kamaytirish.

"Imkoniyatlar va taraqqiyot barqarorlik uchun, kelajak uchun qanchalik muhim ekanini tushunamiz”, - deydi Hayd.

U yaqinda Senegal singari mamlakatlarga safar qildi. Agentlik bu davlatga 540 million dollar grant ajratgan.

“Ushbu sarmoya hisobiga qurilgan yo’llarni borib ko’rdik. Irrigatsiya inshootlaridan birida bo’ldik. Bu loyiha tufayli suvga muhtoj bir mintaqaga dehqonlar qaytib kelmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Benin ham AQShdan 754 million dollar yordam olgan. Umar Aruna - bu davlatning Vashingtondagi elchisi.

“Birinchi grantning kattagina qismini bandargoh qurishga sarfladik. Mazkur port hozir to’liq ishga tushgan. G’arbiy Afrikadagi eng zamonaviy inshootlardan biri”, - deydi u.

Yana bir proyekt Afrika taraqqiyoti uchun ustuvor bo’lgan energetika sanoatini qamrab oladi.

“Elektr energiyasi ishlab chiqarish, yangi stansiyalar qurishga 136 million dollar, yana 41 million huquqiy islohotlarga, strukturaviy o’zgarishlarga sarflanadi”, - deydi Benin elchisi.

“Ming yillik vazifalar” korporatsiyasi 45 davlat bilan ishlasa, deyarli barchasida xususiy sektorni ham loyihalarga jalb etadi.

“Masalan, hozir Salvadorda infratuzilmani yangilash, ta’lim sohasini isloh qilish ustida ishlayapmiz. Kasb-hunar kollejlari va ishchilarni trening bilan ta’minlash markazlari ochdik. Filippinda esa yo’l qurilishiga pul ajratgan edik. Hudud to’fon ostida qolgan bo’lsa-da, yo’l buzilmadi. Aksincha, qayta qurish ishlarida juda qo’l keldi”, - deydi Dana Hayd.

Ayrim davlatlar AQSh tashqi yordam dasturlaridan keng foydalanmoqda. Boshqalar nazarida esa “Ming yillik vazifalar” agentligidan grant olish oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG