Kaliforniya shtatida dunyoning bir qator nufuzli oliy o’quv yurtlari joylashgan. Yaqinda ular safi yana bittaga ko’payadi. Xalqaro Ming yillik universiteti deya nomlanayotgan bu dargohning o’ziga xos jihatlari bor. Masalan, u AQShda mahalliy musulmonlar tomonidan qurilayotgan birinchi yirik universitetdir. Bu yerda islomiy fanlar bilan birga, dunyoviy mutaxassiliklar bo’yicha ham ta’lim beriladi. Qizig’i, ushbu universitetning dunyoga kelish tarixi O’zbekistonga borib taqaladi.
Kaliforniyada qurilishi mo’ljallanayotgan bu oliy o’quv yurti, bir tomondan qaraganda, boshqa ta’lim dargohlaridan ko’p farq qilmaydi. Loyiha saytida yozilishicha, bu yerda aniq fanlar, tibbiyot, farmasevtika, muhandislik va ijtimoiy yo’nalishlarda bakalavr, magistratura va doktorlik darajalarini olish mumkin. Ta’lim tizimi to’la AQSh talab va standartlariga asoslanadi. Ammo o’qitish ruhi, binolar arxitekturasi va shaharchaning qurilishi to’la islomiy va sharqona ko’rinishda bo’ladi, deydi loyiha asoschilari.
Keng qamrovli zamonaviy universitetni bunyod etish uchun nafaqat yillar, balki katta mablag’ zarur. Xalqaro Ming yillik universitetining poydevoridan tortib o’quv dasturigacha hammasi yangidan bunyod etilmoqda.
Bunday ulkan loyihani amalga oshirish g’oyasi qanday tug’ildi? Uning ortida kimlar turibdi, homiylar kim? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida loyiha mutasaddilari bilan bog’landik.
Suhbatimiz davomida mavzu kengayib, universitet ortida nafaqat amerikalik musulmonlar, balki o’zbekistonliklar ham turganini aniqladik. Loyiha rahbari Zohir Ahmadning aytishicha, uni barpo etish g’oyasi O’zbekistonda tug’ilgan. Buning qanday ro’y berganini u quyidagicha hikoya qiladi:
“Men islom haqida hujjatli filmlar qilaman. Rossiyaning Qozon shahrida o’tgan kinofestivalda Ibrohim alayhissalom haqida olgan filmim mukofot bilan taqdirlandi. U yerda o’zbekistonlik kinochi Abzal G’ulomov bilan tanishib qoldim. O’sha yerda Afzal meni Toshkentga taklif qildi. Bu orada Qozondan menga Rossiya musulmonlari haqida film yaratishimni taklif qilishdi. O’rgansam, Rossiyaga islom O’zbekistondan kelgan ekan. Keyin Abzalga qo’ng’iroq qilib, kameralarimni ko’tarib men Toshkentga kelyapman, dedim. Undan menga yordam berishini so’radim”, - deya hikoya qiladi Zohir Ahmad.
Zohir Ahmad asli hindistonlik. O’qish bilan Amerikaga kelib, shu yerda qolib ketgan. Kasbi bo’yicha, kosmik tadqiqotlar injeneri. Uzoq yillar AQShning “NASA” fazo tadqiqotlar agentligida ishlagan. Nil Armstrongning oyga uchish loyihasida men ham ishtirok etganman, deydi bugun nafaqada bo’lgan sobiq injener.
Hujjatli filmlar yaratish uning bo’sh vaqtida shug’ullanadigan sevimli mashg’uloti. Havaskor kinochi hatto Rossiyada o’tgan xalqaro musulmon filmlari kinofestivalida g’oliblikni qo’lga kiritib, Rossiyada islom mavzusida film yaratish uchun buyurtma olishga ham muvaffaq bo’lgan. Uning O’zbekistonga safari ana shu filmdan boshlandi.
“Safarim davomida Toshkent, Buxoro va Samarqandga tashrif buyurib, ulkan va go’zal islomiy arxitektura namunalarini, katta masjidlarni ko’rdim. Toshkentdagi ulkan jome masjidi ichida o’tirib Abzalga, Amerikaga kelib biz uchun shunday masjid qurib bera olasizlarmi, dedim. Chunki bizda bunday go’zal masjidlar yo’q. Loyihamiz ana shu tariqa tug’ildi”, - deydi Zohir Ahmad.
Amerikada masjid qurish haqida tug’ilgan g’oya keyinroq kengayib, universtitet loyihasiga aylanadi. Ko’p o’tmay Zohir Ahmad Abzal G’ulomov va arxitektor Qobiljon Muhammadjonovni Amerikaga taklif qiladi. O’zbekistonliklar delegatsiyasi Kaliforniyada bir oy mehmon bo’lib, bu yerdagi arxitektura, qurilish hamda o’quv binolariga oid shart-sharoitlar bilan tanishadi. AQShdagi nufuzli o’quv dargohlariga tashrif buyurib, universitet qurilishiga doir barcha masalalarni chuqur o’rgangan Qobiljon Muhammadjonov universitet qurilishi uchun Los-Anjeles shahri tevaragidan qariyb 55 gektar bo’sh maydonni tanlab beradi.
Amerika safaridan Toshkentga qaytgach, arxitektor Toj Mahal modeli asosida universitet maketini tayyorlaydi.
“Toj Mahal dunyoning eng go’zal obidasi. U Hindistonda joylashgan. O’zbekistonda islomiy arxitekturalarga qarasam, aksariyati Toj Mahalga o’xshashini sezdim. Keyin tushundimki, Toj Mahal arxitekturasining bir qismi, aslida, O’zbekistondan kelgan ekan”, - deya miyig’ida kuladi Zohir Ahmad.
Mingyillik Universiteti qurilishida Kaliforniya Politexnika davlat universiteti, Stenford universiteti va San Diegodagi Kaliforniya universiteti yordam bermoqda. Loyihani amalga oshirayotgan jamoa tarkibiga tajribali professorlar jalb etilgan.
Ayni paytda qurilish uchun homiylar qidirilmoqda. Qatar qirollik oilasi, xususan, Turkiya prezidenti Abdulla Gul universitetga katta qiziqish bilan qarab, homiylik qilish istagini bildirgan. Ahmad Zohirning aytishicha, qurilishning dastlabki bosqichi uchun 100 million dollar kerak bo’ladi. Shu yilning noyabridan ishni boshlaymiz, deydi u.
“Qatar, Turkiya hukumatlari va mahalliy aholi yordami bilan shu yilning noyabrigacha 10 million dollar jamg’arishni niyat qilyapmiz. Biz bu yerda Stenford, Massachusets Texnologiya instituti kabi buyuk va go’zal universitet qurmoqchimiz. Bu uzoq vaqt va mablag’ talab etadi”, - deydi u.
Uning ta’kidlashicha, yetarli mablag’ yig’ilsa, butun universitetni uch yil ichida qurib bitkazish mumkin. Ta’lim tizimini yo’lga qo’yishni ham hisobga olsak, uzog’i bilan 5 yil ichida universitet to’liq ishga tushadi.
Universitet bosh arxitektori va ish boshqaruvchisi O’zbekistondan. Ular loyihada ishtirok etayotganidan xursand.
Xalqaro Ming yillik universiteti bosh arxitektori Qobiljon Muhammadjonov hamda loyiha boshqaruvchisi Abzal G’ulomov bilan suhbatimiz - keyingi maqolamizda.
(Davomi bor)