Breaking News

Amerikada ilk musulmon oliygohi ochilish arafasida


Muallima Savhad Zinda Zaytuna kollejida arab tilidan dars o'tmoqda.
Muallima Savhad Zinda Zaytuna kollejida arab tilidan dars o'tmoqda.

Kaliforniya shtatining Berkli shahrida Zaytuna kolleji ochilish arafasida. Bu AQShdagi birinchi musulmon oliy o’quv yurti bo’ladi. Zaytuna kollejining shiori –“Islom va Amerika bir-birini shu yerda taniydi”.

Musulmonlar oliygohi Kaliforniyadagi boshqa o’quv yurtlaridan uncha farq qilmaydi. Talabalar ko’rkam binodagi sinf xonalarida o’tirib professorlardan turli fanlar bo’yicha saboq olishadi. Auditoriyaning bir tomoni ayollar uchun ajratilgan. Erkak-ayol birga o’tirmaydi. Ayollar boshiga ro’mol o’ragan, yigitlarning ham aksariyatida bosh kiyimi bor.

Kollejda allaqachon darslar boshlangan. Talabalarni kuzgi semestrga tayyorlash uchun yozgi arab tili kurslari tashkil etilgan.

Zaytuna kolleji Amerika tarixi, antropologiya, falsafa, adabiyot va siyosatshunoslik yo’nalishlari bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Lekin o’quv dasturining asosiy qismi islom va Qur’onni o’rganishga bag’ishlanadi.

Imom Zayd Shokir professor, kollej asoschilaridan biri.

“Biz Islomni Amerika an’analariga muvofiq holda bayon etishni istaymiz”, – deydi imom.

Uning aytishicha, Amerikadagi musulmon ulamolarining aksariyati Pokiston, Yaman va Misr kabi o’lkalardan kelgan muhojirlar. Bugun AQShda millionlab musulmon bo’lsa ham, Islom bu yerda hanuz ajnabiy e’tiqod sifatida ko’riladi. Lekin Zaytunadagi o’qituvchilarning hammasi amerikaliklar bo’ladi, deydi imom.

Amerikada ilk musulmon oliygohi ochilish arafasida
Amerikada ilk musulmon oliygohi ochilish arafasida

“Professorlarimiz shu yerda tahsil olgan, jamiyatimizning barcha nozik va murakkab jihatlarini yaxshi tushunadigan odamlar. Ular bir tomondan o’zlarini amerikalik deb bilishadi, ikkinchi tomondan esa musulmon ekanliklari bilan faxrlanishadi”, – deydi imom Shokir.

Zaytuna kolleji Amerikadagi boshqa ko’plab oliygohlar singari dindorlar tomonidan tashkil etilmoqda.

“Garvard, Prinston va Yel… Bu universitetlarga aslida diniy jamoalar asos solgan”, – deydi Maykl Xiggins.

Doktor Xiggins AQShda din va oliy ta’lim orasidagi munosabatlarni o’rganadi. Uning aytishicha, mamlakatda diniy guruhlar tomonidan tashkil etilgan o’quv yurtlari ko’p bo’lsa ham, 11-sentabr voqealaridan keyingi davrda islomiy kollejning ochilishi qarshiliklarga sabab bo’lishi mumkin. Hozir odamlarda Islom zo’ravonlikni o’rgatadi degan tushuncha bor, deydi olim.

“Musulmonlar kollejining tashkil etilishi hozir qo’rquv va xavotir uyg’otsa ajabmas. Agar u madrasa bo’lsa yoki faqat diniy ta’lim dargohi bo’lsa, bu jiddiy muammo yaratishi aniq”, – deydi Xiggins.

Lekin Imom Shokir nazarida, kollejga ko’p odam qarshilik bildirayotgani yo’q.

“Bomba portlatishga uringanlar – mutaasib insonlar. Zaytuna kolleji Islom va musulmonlar bunga qarshi ekanini isbotlovchi maskan bo’ladi. Ashaddiy tanqidchilarning ovozini shu yo’l bilan o’chira olamiz. Barchasi o’zimizga bog’liq”, – deydi imom.

Bu, albatta, Zaytunaning talabalariga bog’liq. Ular Zaytunaga nafaqat o’qish uchun, balki Islomni himoya qilish uchun ham kelishgan.

“Islomofobiya, ya’ni Islomni noto’g’ri tushunish va qo’rqish bugun mamlakatda shu qadar keng yoyilganki, musulmonlar nimadir qilmoqchi bo’lsa, darrov tanqidga uchraydi”, – deydi Dastin Kraun, kollej talabalaridan biri.

30 yoshli Kraun Islomni qabul qilgan amerikaliklardan biri. U allaqachon bakalavr darajasiga ega, ammo islomiy bilimini chuqurlashtirish uchun Zaytuna kollejida yana o’qimoqchi.

“Islomiy ilmning go’zalligi shundaki, u aql, qalb va ruhni bir-biri bilan bog’laydi, orada muvozanat yaratadi”, – deydi Kraun.

Har kuni mashg’ulotlardan so’ng imom Shokir talabalari haqqiga guo qiladi. Ular Amerikadagi ilk islomiy oliygohni muvafaqiyatli bitirsin deya Yaratgandan so’raydi.

Imomning aytishicha, mahalliy ulamolar yetishib chiqmaguncha hech bir o’lkada Islom to’la qaror topmagan. Kollejning maqsadlaridan biri ham musulmon olimlarini yetishtirish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG