2001-yilning 11-sentabrida terror xurujlariga guvoh bo’lgan Amerikada islom va unga e’tiqod qiluvchilarga nisbatan munosabat va qarash turlicha.
Ko’pchilik amerikaliklar musulmonlardan xavfsiramaydi, lekin al-Qoida singari guruhlar qonli hujumlarni islom sharafi uchun amalga oshirayotganini aytar ekan, odamlarni qo’rqinchdan asrash oson emas.
Amerikada musulmonlar kundan kunga ko’payib bormoqda. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ularning soni yetti millionga yaqin.
Qo’shma Shtatlar bo’ylab sayohat qilsangiz, ko’plab masjidu markazlarga ko’zingiz tushadi. Musulmon mahallalar deyarli har bir yirik shaharda topiladi.
Nyu-Yorkdek azim shaharning Bruklin va Kvins tumanlarida janubiy osiyolik va yaqin sharqlik musulmonlar azaldan ko’p. Islomiy maskanlar paydo bo’lganiga ham ancha bo’lgan.
Biroq yaqinda ayrimlar Nyu-Yorkning markaziy bir qismida, bir paytlar Jahon Savdo Markazining egizak binolari qad ko’tarib turgan hududda masjid qurish niyatini bildirganida, g’oya keskin qarshilikka uchradi.
Manxettanning bu burchagi bugun qurilish maydoni. Unga yaqin bir joyda musulmonlar katta bir binoga egalik qiladi. Ular mana shu yerda 13 qavatli islomiy markaz bunyod etmoqchi. Bunga ularning haqqi bor, chunki mulk ularniki.
Ammo Nyu-York ahli orasida kuchli norozilik hissi hukmron. Qurilish hozircha to’xtab qolgan.
Pamela Geller, “Amerikani islomlashtirishni to’xtating” degan guruh yetakchisi. Masjidga bu yerda o’rin yo’q, deydi u.
“Bu joy halokatni eslatuvchi yodgorlik. Qurbonlar hoki yotgan joyga masjid qurish g’oyasi bu haqoratdek gap. Minglab odamlar o’lgan bu yerda. Bu tahqirlash-ku axir”,- deydi u.
Imom Faysal Abdurauf islomiy markaz loyihasiga rahbarlik qilmoqda. U shu yerga yaqin masjidda 1983-yildan beri imomlik qilib keladi. Uning aytishicha, yangi dargoh faqat musulmonlar emas, barchaga birdek ochiq bo’ladi.
“Biz ham farzandlarini sevib ardoqlaydigan va ularga ta’lim tarbiya berishni istaydigan ota-onalarmiz. Sizlarning farzandlaringizni ham sevamiz”,- deydi imom.
Uning aytishicha, yangi markaz faqat masjiddan iborat bo’lmaydi.
“Bu yerda ta’lim dasturlari, dinlararo muloqot yo’lga qo’yiladi. Albatta, namozxona ham bo’ladi, chunki biz musulmonlar bir kunda besh mahal namoz o’qiymiz. Lekin bu yerda jamiyat uchun kerakli ko’plab madaniy tadbirlar ham o’tkaziladi”.
Imom fikricha, loyihaga qarshi chiqayotganlar asosan islom haqida noto’g’ri tushunchaga ega bo’lgan odamlar.
Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalari shundan dalolat bermoqdaki, Nyu-York aholisining yarmi islomiy markaz qurilishiga qarshi.
Norozi guruhlarning e’tirozi maxsus komissiya tomonidan o’rganib chiqilmoqda.
Nyu-York gubernatorligiga nomzod respublikachi kongressmen Rik Latsio loyihani qoralab chiqqan sanoqli siyosatchilarning biri. Uning aytishicha, imomning ekstremist guruhlarga aloqasi bor. Imom esa bu da’voni inkor etmoqda.
“Bu joy Nyu-York tarixidagi eng qora kunni yodga soluvchi tarixiy ahamiyatga ega maskan”,- deydi u.
Komissiya yaqin orada bir qarorga kelishi kerak. Islom markazi qurilishi loyihasiga biroz o’zgartirish kiritilishi mumkin degan gaplar ham bor.
Lekin bu bilan ommani tinlantirish mumkinmi?
“Bu yuzimizga tupirish bilan barobar. Masjidni boshqa joyga qursa nima bo’ladi? Nega endi bu yerga qurish kerak”?- deya so'raydi nyu-yorkliklardan biri.
Musulmonlar nazarida esa qarshilik islom madaniyati va e’tiqodini yaxshi tushunmaslikdan kelib chiqmoqda va shu bois ham bunday markazlarni ko’paytirish kerak.