Breaking News

Nyu-Yorkda musulmonlar yangi masjid qurishlari mumkin


Seshanba kuni Nyu-York shahrining tarixiy obidalarni asrash qo’mitasi sobiq Jahon savdo markazi yaqinidagi bino tarixiy qimmatga ega emasligi haqida qaror chiqardi. Musulmonlar endi XIX asrda qurilgan bu binoni buzib, o’rniga islomiy markaz bunyod etishlari mumkin.

Lekin bu qarordan g’azablanganlar bor.

Pamela Geller markaz qurilishiga qarshi guruhga rahbarlik qilyapti. Jahon Savdo Markazi qulaganida o’lgan minglab insonlar orasida uning oila a’zolari ham bo’lgan. Masjid qurish ular xotirasiga haqoratdir, deydi u.

“Bu qaror qurbonlar oilasi va Amerika xalqiga katta aziyat keltiradi, – deydi Pamela Geller. – Xurujdan azob chekkanlar ham shular. Masjid emas, faqat jamoat markazi qursa bo’ladi-ku!”

Loyiha tarafdorlarining aytishicha, markaz barchaga birdek ochiq bo’ladi. Himoyachilar orasida 11-sentabrda yaqinini yo’qotganlar ham bor. Deysi Xan ulardan biri.

“Biz tinchlik istaymiz, – deydi u. – Eng muhimi tinchlik. Katta fojeaga guvoh bo’lgan hududga yaqin bo’lish bizlar uchun taskin…”.

“Jey-strit” nomli liberal yahudiylar guruhi ham islomiy markaz qurilishiga qarshi emas.

“Nyu-Yorkdagi musulmonlar boshqalar kabi teng huquqqa ega, – deydi guruh rahbari Isak Luriya. – O’zga guruhlarning diniy erkinligi bo’g’ilganida, ular himoyasi uchun shay turish kerak. Bu Amerika yahudiylari uchun azaliy an’ana”.

Nyu-York shahar meri Maykl Blumberg kengash qarorini olqishlab, turli diniy jamoa rahbarlari davrasida islomni himoya qilib chiqdi.

“Umid qilamanki, bu masjid shahrimiz aholisini yanada jipslashtirishga va 11-sentabr voqealari islom bilan aloqador degan gumonlarning asossiz ekanini isbotlashga xizmat qiladi, – dedi u. – Musulmonlar boshqalar kabi shahrimizning ajralmas bir qismi”.

Islomiy markaz asoschilarining aytishicha, bu dargohda 11-sentabr qurbonlari xotirasiga yodgorlik o’rnatiladi. Markaz kengashi tarkibida o’zga din vakillari ham bo’ladi.

XS
SM
MD
LG