AQShning musulmon dunyosi bilan aloqalari haqida so'z ketganda, prezident Barak Obamaning o'tgan yili Qohiraga safari va u yerda qilgan nutqi tilga olinadi.
Jorj Bush davrida boshlangan ikki urush hamon davom etmoqda va AQShga nisbatan ishonchsizlik so'nmagan.
Obama Misrdan turib jahon musulmonlariga murojaat qilganida, Amerika islom diniga hurmat bilan qaraydi deya uning siyosati avvalgi prezidentnikidan keskin farq qilishini bildirgan edi.
"Munosabatlarimiz mushtarak maqsadlar asosida rivojlanmasa, bundan tinchlik o'rniga adovat urug'ini sochayotgan, hamkorlik o'rniga mojaroni targ'ib qilayotgan kuchlar foydalanishi mumkin. Hamkorlik yo'lga qo'yilsa, adolat va farovonlik kamol topadi", - degan edi o'shanda Obama.
Hala Mustafo Misrda chiqadigan "Demokratiya" jurnalining muharriri. Ma'ruzani diqqat bilan tinglagan.
"O'shanda barcha nimani eshitgisi kelgan bo'lsa, Obama nutqidan o'sha narsani ilg'agan. Demokratiya yo'lida kurashayotgan insonlarga ma'ruza demokratiyani ulug'layotganday eshitilgan. Hukumat vakili o'ziga to'g'ri kelganini tushungan. Yaqin Sharq tinchlik masalasini oladigan bo'lsak, falastinliklar va isroilliklar Obamaning chiqishini o'zicha talqin qilgan. Xullas, bir yil otib, deyarli hech narsa o'zgarmadi", - deydi jurnalist ayol.
Qohiradagi Amerika Universiteti professori Said Sodiq bu fikrga qo'shiladi.
"Prezident Obama bu yerga kelib, nutq so'zlaganida, hamma "Obama, biz seni sevamiz", deb hayqirgan edi. Bugun esa ko'pchilikning undan ko'ngli qolgan", - deydi u.
Qohira universitetida Obamani quyuq qarshi olgan talabalardan biri Ahmad Jamol Xattorning aytishicha esa, Obama va'dalarini qisman bajardi.
"Ba'zilari qolib ketdi. Iroqdagi urush, qo'shinlarni chiqarish va Iroqni ozod etish haqida gapirgan edi, biroq natijasini ko'rganimiz yo'q. Afg'onistonda vaziyat yaxshilanadi degan edi, ammo aksi bo'lmoqda", - deydi misrlik talaba.
Biroq barcha musulmonlar ham bunday fikrda emas. Masalan, bolaligining bir qismini eng yirik musulmon davlati - Indoneziyada o'tkazgan prezident Obama iyun o'rtalarida u yerga safar qiladi. Ba'zi indoneziyaliklar nazarida musulmon dunyosi bilan aloqalar yaxshilanmayotganligida Obamaning aybi yo'q.
Novi Andrianining aytishicha, Amerika Obama ma'ruzasidan so'ng bir kunda o'zgarib qolmaydi.
"O'zgarishlar katta bo'lmasa-da, asta-sekin bo'lishiga ishonchim komil", - deydi u.
AQSh va musulmon dunyosi munosabatlarida eng chigal masala Isroil siyosatidir. Qohiradagi nutqida Obama bosib olingan yerlarda Isroil posyolkalariga qarshi turishini aytgan edi. Bugunga kelib qurilishlar davom etmoqda. Ammo Indoneziya ahli olg'a siljish bor, deydi.
"G'azoga yordam qo'li cho'zildi, Falastin va Isroil o'rtasida muloqot yo'lga qo'yilmoqda. Bu Obama ma'ruzasining ta'siri deb o'ylayman", - deydi Rori ismli indoneziyalik.
Boshqa musulmon yurtlarda AQShga nisbatan ishonchsizlik haligacha yo'qolmagan.
Pokistonda, afg'on chegarasiga yaqin qabilaviy hududlarda AQSh havo kuchlari Tolibonni nishonga olib keladi. Mahalliy xalq bunday hujumlardan norozi.
Ibrohim ismli islomobodlik talabalardan biri Obamani tanqid qiladi.
"U Bushning siyosatini davom ettirgan holda terrorga turtki bermoqda. Musulmonlar bilan do'st bo'lish niyati yo'q. Ular bizni o'ldirishyapti", - deydi u.
Boshqa bir talaba esa AQSh prezidentiga nasihat qiladi.
"Obama bo'ladimi, boshqasimi, adovatni chetga surib, insoniylik, qadriyatlardan gapirsin. Dinda bu haqda nima deyilgan bo'lsa, shunday ish tutsin", - deydi u.
Qohiradagi ma'ruzasida Obama xuddi shu mavzuda so'zlagan edi.
"Amerika va islom raqobatda bo'lishi shart emas. Har ikkisining tamoyillari mushtarak - adolat va taraqqiyot, bag'rikenglik va inson qadriyatlariga hurmat. Ammo yodda tutish kerakki, o'zgarish bir kechada ro'y bermaydi", - degan edi Amerika rahbari.
Prezident Obama sabr-qanoatli bo'lishni so'rab, tanqidchilarini erta xulosa qilmaslikka chaqirmoqda.