Breaking News

Minnesotalik onalar: Sudlanayotgan o'g'illarimiz aybsiz


Abdirahmon Daud Suriyaga borib, jangarilarga qo'shilishga uringanlikda ayblanayapti.
Abdirahmon Daud Suriyaga borib, jangarilarga qo'shilishga uringanlikda ayblanayapti.

Minnesotada somalilik-amerikalik ikki yigitning onasi farzandlarini aybsiz, deya himoya qilmoqda. Ularni Federal qidiruv boshqarmasiga axborot berib turgan odam sotgan, uydirmalarni to'nkagan, deydi ular.

Yigitlar Suriyaga borib, "Islomiy davlat" to'dasiga qo'shilishga uringanlikda ayblanayapti.

"Amerika Ovozi" bu ayollar bilan dushanba kuni Minnneapolisdagi sud tashqarisida so'zlashdi. Aynan o'sha kuni Federal qidiruv boshqarmasiga ma'lumot berib borgan Abdirahmon Bashir guvohlik ko'rsatmasi bergan. Uning sudda aytishicha, hukumat bu ma'lumot uchun unga 100 ming dollar to'lagan.

Sudlanayotgan Abdirahmon Daudning onasiga ko'ra, Bashir pulga o'ch jinoyatchidir.

"Farzandlarimizni sotib, pul ishlamoqchi bo'lgan", - deydi Faxriya Muhammad.

"Bashir ishsiz yurgan, daromad manbai qidirgan. Bizning bolalarimiz esa ishli, o'qigan, hech qamalgan emas. Bashir bolalarimizni maktabdan qidirib topib, ularning gaplarini yozib olgan", - deydi ona.

Amerika hukumati Daud, Omar va Muhammad Farahni terrorchilarni mahsulot bilan ta'minlash va xorijda qotilliklar sodir etishni rejalashda ayblayapti.

O'tgan hafta sud hay'ati yigitlarning Suriyaga borish rejalari yozilgan tasmalarni eshitdi. Ular soxta pasportlar qildirishni ham muhokama qilgan. Tasmalarning birida yigitlar "Skype" orqali minnesotalik boshqa bir do'sti bilan bog'langanini, bu yigit Suriyada "Islomiy davlat" bilan hamkorlik qilayotgani haqida gapirganini eshitish mumkin.

Daudning onasi sud hay'atida birorta musulmon yoki qora tanli yo'q edi, deya norozi. Biroq u hay'at xolis va adolatli hukm chiqarishidan umidini uzgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG