Aralash oilalar Amerikada yangilik emas. Lekin bu oilalarning farzandlari uchun hayot ancha murakkab. Kim ekanidan afsuslanmasa-da, oq va qora tanli ota-onadan yoki turli elatlarning vakillaridan tug’ilgan bolalar o’zligini topishda qiynaladi.
Deliya Daglas kim ekanini tushuntirib charchab ketadi. O’zi ikki irqqa mansub. O’ziga o’xshagan erkak bilan oila qurgan:
“Qizim uch yoshga kirgunicha har safar kim bilan tanishmaylik, ular mendan qizning enagasimisan, deb so’rardi. Yo’q, onasiman, men tuqqanman, derdim”.
Deliya - oq va qora tanlilar hamda hindu qabilasining nasli. Qizi Soley esa otasiga o’xshaydi. Oq.
“O’zimiz ham ajablanamiz. Qizimiz mallasoch bo’ladi deb hech kutmagan edik”, - deydi ayol.
Deliyaning akasi Ronni hayotda ancha qiynalgan. O’zlik - muhim omil, deydi u. Irqning ahamiyati katta.
“Har oy kamida bir marta to’xtatib, tekshirishar edi. Qayerdan kelayapsan, qayerga ketayapsan, deb”, - deydi Ronni.
Metislar, ya’ni har xil irqdan dunyoga kelgan odamlar kamsitilishi haqiqat, deya tasdiqlaydi “Pew” tadqiqot markazi mutaxassislari. 69 foiz hollarda ular ajratish, cheklash bilan yuzlashadi. Ko’chada, ishxonada. Ayrim shaharlarda vaziyat ular uchun ancha yengil. Masalan, Los-Anjelesda. Damona Hoffman - rossiyalik yahudiy va qora tanli farzandi.
“Bu yerga kelib, hayotimni yangidan boshladim, desam xato qilmayman. Menga o’xshab chatishgan odamlar juda ko’p. Amerikaning boshqa qismida katta bo’lib, hech bilmas edim”, - deydi Damona Hoffman.
Turli irq va elat vakillarining zurriyotlari boradigan bog’cha va maktablar ham o’zgarib bormoqda. Bundaylar Amerikada tezlikda ko’payar ekan, ilm maskanlari ham o’ziga xos ko’rinishga ega. Vivian Arlotto koreys va belgiyalikning farzandi. Eri oq tanli.
“Bolaligimda boshqalarga kam qo’shilganman. O’g’lim ham menga o’xshab qorishma. Shuning uchun uni etnik jihatdan boy maktabga berdim”, - deydi Arlotto.
Richard Kang esa koreys-amerikalik. Ota-onasi muhojirlar bo’lgan.
“Til muhim rol o’ynagan men uchun. Ota-onamni yaxhiroq tushunishim uchun koreys tilini bilishim kerak edi. To’g’ri qilgan ekanman, o’rganib”, - deydi Kang.
“WorldSpeak” degan ko’ptilli maktabda o’quvchilarning 80 foizi turli kelib chiqishga ega. Bu maskan asoschisi Anjelika Getmanchuk nazarida etnik xilma-xillik - katta boylik.
“Bunday odamlar bag’rikeng, tolerant, mehribon va samimiy bo’ladi, deb o’ylayman. Ular o’zgalarni yaxshi tushunadi va ulardan qo’rqmaydi”, - deydi Getmanchuk.
Ko’plab amerikaliklar ham shunday fikrda. Irqiy va etnik chatishgan odamlar keng fikrlaydi.
“Los-Anjelesda bizga o’xshaganlar juda ko’p. Ajoyib shahar bu. Biz kabi chatishganlardan biri mana prezident ham bo’ldi. Qoyil qolsak bo’ladi”, - deydi Ronni.
1970-yillarda AQSh aholisining 1 foizi mana shunday odamlardan iborat edi. Hozir esa turli irq va elat nasllari 10 foizni tashkil etadi.