Breaking News

AQSh: Oq va qora tanlilar orasidagi iqtisodiy jarlik hamon katta


Noose Mississippi
Noose Mississippi

Amerika xalqi bu jamiyatda tenglik va adolat uchun kurashgan Martin Lyuter Kingni, uning hayoti va orzularini yodga olmoqda. Har yili uning tavallud kuni keng nishonlanadi. 1950-60 yillarda King irqiy adolat uchun olib borgan ijtimoiy-siyosiy harakat va namoyishlar, tenglik talabi qonunga aylangan. Qo’shma Shtatlar o’shandan buyon katta yo’lni bosib o’tdi, ammo diskriminatsiya barham topmagan.

1963-yilning avgusti. Martin Lyuter Kingning “Bir orzum bor” deya xalqiga qilgan murojaati tinchlik va tenglik shioriga aylangan.

“U nafaqat fuqarolar teng huquqli bo’lsin deb jon kuydirgan, balki iqtisodiy adolat uchun ham kurashgan. O’limidan oldin Kambag’allar kampaniyasi degan namoyish uyushtirganini bilamiz. Memfis shahrida ish haqimiz yashashga yetmaydi deb ish tashlagan fuqarolarga yordam bergan”, - deydi Amerika Universiteti o'qituvchisi Sherri Vilyams.

Progress bor, deydi professor Greg Karr, ammo iqtisodiy tengsizlik muammosi haligacha yechilgani yo’q.

“Mamlakatdagi umumiy iqtisodiy manzaraga qaraydigan bo’lsak, qora tanli oila 10 sent topsa, oq tanli oila bir dollar topadi. Oq tanli xonadonlarning o’rtacha boyligi qora tanlilarnikidan 10 barobar ko’p. 2007-2009 yillardagi krizis oradagi tafovutni kuchaytirgan”, - deydi u.

Hozirgi iqtisodiy o’sish barcha uchun mehnat bozorini yaxshilagan. Afro-amerikaliklar uchun ishsizlik darajasi o’tgan yili 6 foizdan past bo’ldi, bu 1972-yildan beri eng past ko’rsatkich. Ammo Garvard universiteti o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, qora tanlilarning yarmi ish joyida kamsitishga yo’liqadi.

Yonas Beshavred Kaliforniyada programmist bo’lib ishlaydi. Afrikalik immigrantlar uchun ham diskriminatsiya begona emas, deydi u.

“Masalan, sarmoyachi bilan uchrashuvga borasiz. Ba’zida ular fikrlaringizni tinglashni ham istamaydi. Albatta, sizning biznesingiz, ish uslubingiz yoqmayotgan bo’lishi mumkin, lekin ba’zida kimligingiz va rangingiz tufayli siz bilan gaplashmayotganini sezasiz. Ko’rinishidan, investorlar qora tanlilar bilan muntazam aloqa qilmaydi. Shunday holatga tushsam, muzokarani darhol tugataman”, - deydi Beshavred.

Qora tanlilar yashovchi mahallalarda politsiya zo’ravonligi ham ziddiyatlarga sabab bo’lgan.

2014-yilda Missuri shtatida oq politsiyachi qora tanli fuqaroni otib o’ldirgani “Qora tanlilar ham odam” deb nomlangan harakatga turtki bergan.

“Mana shu uyushma atrofda bo’layotgan adolatsizliklarga ko’zimizni ochdi. Hozir bizni odam o’rnida ko’rishmasa ham, biz boshlagan ish albatta samara beradi”, - deydi harakat a'zosi Dennis Rodrigez.

Martin Lyuter Kingning “Bir orzum bor” nutqidan beri Amerika o’zgardi, irqchilik kamaydi. Xalq 2008 va 2012 yillarda qora tanli prezidentga ovoz berdi. Biroq nafrat makfurasini targ’ib qilayotgan siyosiy oqimlar paydo bo’lishi shundan dalolatki, oldinda hali ish ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG