Breaking News

Moskvadagi chiqishlarda hibsga olinganlarni ozod etish talab qilindi


29-sentabr kuni Moskvada ham yirik namoyish bo’lib o’tdi. Odamlar iyul namoyishlarida qatnashgani uchun qamalganlarning ozod etilishini talab qilib ko’chaga chiqdi. Moskva hokimiyati bu galgi namoyishlarni o’tkazishga ruxsat berdi.

Ayrim hisoblarga ko’ra, yakshanba kungi namoyishlarda Moskvaning Saxarov xiyobonida salkam 20 ming odam qatnashgan. Ular 2003-yildan beri o’tkazilgan namoyishlarda qatnashib qamalgan odamlar va siyosiy mahbuslarning ozod etilishini talab qildi.

Muxolifat yetakchisi, Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy namoyishchilarga murojaat qildi:

“Agar ko’pchilik bo’lsak, siyosiy mahbuslarni ozod etishlariga majbur qila olamiz. Har birimizning yonimizda kuchli qurolimiz bor – smartfonimiz. Instagram orqali, Twitter orqali har kuni yozaylik. Har bir amaldor bilan muloqotimiz “ozod eting” so’zlari bilan boshlanishi kerak”, - dedi Navalniy.

So’nggi oylarda ruxsatsiz chiqishlardagi ishtiroki uchun ikki mingdan ziyod odam qamalgan. Ayrimlari to’rt yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan, boshqalari esa politsiyaga qarshi zo’ravonliklarda ayblanmoqda.

“Yuqorida o’zgarish bo’lmasa bo’lmaydi. Bu 2004-yilda bo’lishi kerak edi. Vladimir Putin to’rt yildan ortiq prezidentlik qilmasligi kerak edi. Shunda hozirgiday vaziyatga yuz tutmagan bo’lardik”, - deydi Lyudmila ismli namoyishchilardan biri.

Iyul oyida muxolif nomzodlar Moskva shahar kengashiga saylovlarda ishtirok etish imkonidan mahrum bo’lgach, bir necha ruxsatsiz norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi, natijada ko’p odam hibsga olindi. Hibsxona va qamoqxonalardagi zulm va yomon sharoitlar haqida xabarlar tarqalgach, jamiyatda norozilik kuchaydi.

“Biz hamma siyosiy mahbuslarning ozod etilishini talab qilamiz. Shiorimiz ham shu. Erkin saylovlar uchun kurashib, namoyishda qatnashgani uchun qamalishgan, biroq hammasining hukmni noqonuniy”, - deydi Aleksandr ismli namoyishchi.

Politsiyaning aytishicha, odamlar qonunni buzgani uchun qo’lga olingan va sud qilingan. Noqonuniy namoyishlarni tarqatishga majburmiz, deydi ular.

“Ruxsatsiz namoyishga chiqmagan bo’lardim. 27-iyuldan keyin qo’rqib qoldim. Sudlarimiz adolatli bo’lishi kerak. Oldingiday emas. Namoyishdan naf bo’ladi degan umiddaman”, - deydi Yekaterina Bogatova.

Namoyish tashkilotchilariga ko’ra, chiqishlar o’z mevasini bermoqda, chunki Moskva shahar kengashida Kremlga xayrixoh deputatlarning uchdan biri o’rinlarini yo’qotgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG