Prezident Barak Obamaning ma’lum qilishicha, Amerika habriy samolyotlarining Iroqdagi islomiy jangarilarni havodan o’qqa tutgani natijasida Iroq harbiylari va kurdlar Mosul suv to’g’oni ustidan nazoratni qayta qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lgan.
“Agar u to’g’on buzilganida suv toshqini boshlanib, haqiqiy halokat yuz berardi. Minglab odamlar hayoti xavf ostida qolardi, bizning Bag’doddagi elchixonamizga ham tahdid tug’ilishi aniq edi”, - dedi 18-avgust kuni Oq uyda prezident.
Obama, shuningdek, Iroq va kurd qo’shinlari “Islomiy davlat” radikal guruh jangarilariga qarshi jadal kurash olib borganini aytdi va ularning umumiy dushmanga qarshi jangda hamkorlik qila olishi ayon bo’ldi, dedi mamnuniyat bilan.
AQSh Iroq va kurd jangarilarini qurol-aslaha bilan ta’minlamoqda. Bu esa ularga terrorchilarga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishishga imkon yaratdi, dedi Obama.
Prezident, shuningdek, AQSh uyini tark etishga majbur bo’lgan iroqliklarga gumanitar yordam yetkazish uchun xalqaro koalitsiya tuzayotganini bildirdi.
“Qo’shma Shtatlar Iroq hukumati hamda Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Italiya va Avstraliya kabi hamkorlari bilan yordamga muhtoj, boshpanasiz qolgan odamlarga suv va oziq-ovqat yetkazadi va uzoq-muddatli madad beradi,” – dedi Obama.
AQSh Markaziy qo’mondonligining xabar qilishicha, 18-avgust kuni AQSh harbiy samloyotlari va dronlari Mosul to’g’oni atrofida 15 ta havo hujumi uyushtirgan.
Ular “Islomiy davlat” guruhi uchun muhim bo’lgan to’qqizta nishonga, shu jumladan artilleriya va harbiy avtomashinalarga tekkan.
“Biz quruqlikdagi hujumlardan oldin rejaga ko’ra nishonlarga zarba bera boshladik. So’ngra quruqlikdagi qo’shinlar jangga kirishdi va biz havodan zarba berib turdik”, - dedi Pentagon so’zlovchisi, polkovnik Stiv Uorren.
8-avgustdan buyon AQSh Markaziy qo’mondonligi Iroqda 68 hujum uyushtirdi, ularning qariyb yarmi – Mosul to’g’oni yaqinida.
Bu to’g’on katta ahamiyatga ega, Iroq shimolini elektr toki va suv bilan ta’minlaydi.
Rasmiy Vashingtonga ko’ra, hozirgi havo hujumlari AQShning Iroqdagi xodimlari va infratuzilmani himoya qilish hamda gumanitar fojeaning oldini olishga qaratilgan.
Birinchi zarbalar shu oy boshida minglab nasroniy va yazidiylar islomiy jangarilar tomomindan qirilib ketishi tahdidi tug’ilganidan keyin boshlangan edi.