Fransiya Iroqdagi kurd harbiylariga qurol-aslaha jo’natib, shu tariqa Islomiy davlat nomli guruhga qarshi olishishda yordam bermoqda. Jangarilar Iroq shimoli va g’arbidagi katta hududlarni osonlikcha egallab olgan, mahalliy armiya kuchli qarshilik ko’rsatmagan.
Fransiya prezidenti Fransua Olland ma’muriyatining bildirishicha, qurol-aslaha Iroq hukumatining qo’llab-quvvatlovida bir necha soatda kurdlarga yetkaziladi.
Iroqning Kurdiston muxtoriyati rahbari Masud Barzaniy sal oldin xalqaro hamjamiyatdan jangarilar bilan olishishda yordam so’ragan edi. Kecha Yevropa Ittifoqi qurol-aslaha ta’minoti yuzasidan kelishuvga erisholmadi. Lekin alohida davlatlar Iroqqa qanday ko’mak uzatishni lozim topsa, o’ziga havola, deya xulosa qilingan.
Qo’shma Shtatlar Iroq shimoliga qo’shimcha 130 nafar harbiy maslahatchi jo’natib, ular jangarilardan qochib tog’li hududda yashiringan tinch aholini qutqarishga ko’maklashadi.
Bu orada, Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy lavozimini tark etmoqchi emas. Federal sud prezidenti Fuad Masumning bosh vazir lavozimiga Haydar al-Abadiyni tayinlash qarori yuzasidan hukm chiqarmaguncha, lavozimdan ketmayman, deydi Malikiy.
Iroqni sakkiz yildan beri boshqarayotgan Malikiy uchinchi muddatga saylanishga urinayapti. Lekin xalqaro hamjamiyat nazarida bosh vazir Iroqni birlashtirishni uddalamadi, aksincha ozchilik elatlar va diniy guruhlarni tahqirladi.
Seshanba kuni Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeygl Irbil shahri otlanayotgan amerikalik harbiy maslahatchilar ishi faqat tavsiyadan iborat, deya ta’kidladi.
“Prezident aytganidek, Qo’shma Shtatlar Iroqdagi jang maydoniga qaytayotgani yo’q. Jangovar harakatlarda ishtirok etmaymiz”, - deydi Xeygl.
Pentagon iyun oyida ham Bag’dodga 300 nafargacha harbiy ekspert yuborishini ma’lum qilgan edi.
Amerika samolyotlari Iroq shimoliga havodan insonparvarlik yordami, xususan, ichimlik suvi va yegulik yetkazishda davom etayapti.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Iroqdagi ozchilik diniy guruh, jumladan, yazidiylar taqdiridan xavotirda.
“Jahon hamjamiyatini bu elat himoyasi yo’lida birlashishda undayman”, - deydi Pan Gi Mun. “Bu fuqarolarni qirayotgan, ekstremistik oqimlarga kirishdan bosh tortgani uchun jazolayotgan jangarilarni keskin qoralayman”, - deydi BMT rahbari.
Pan Gi Mun Islomiy Davlat jangarilarini “vahshiyona xatti-harakat”da ayblab tanqid qildi. Iroq va Suriyaning katta shaharlarini egallab olgan guruh odamlarni ommaviy ravishda o’ldirayotgani, bolalarni o’g’irlab qochayotgani ma’lum.