Breaking News

Afsonaviy bokschi Muhammad Ali 74 yoshida olamdan o'tdi


Muhammad Ali (1942-2016)
Muhammad Ali (1942-2016)

Afsonaviy bokschi, amerikalik Muhammad Ali 3-iyun kuni 74 yoshida Arizona shtatining Finiks shahridagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

“Buyuklarning buyugi” deya shuhrat qozongan Muhammad Ali 1942-yil 17-yanvarda Kentukki shtatining Luivil shahrida tug'ilgan.

Muhammad Ali 12 yoshidan boks bilan shug‘ullanib, olimpiada o‘yinlariga qadar “Oltin qo‘lqop” mukofotini qo‘lga kiritgan. Yarim og‘ir vazn toifasida 1960-yilgi XVII Yozgi Olimpiya o‘yinlarida chempion bo'lgan.

O‘ta og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni (1964—1966, 1974—1978), besh karra “Yil bokschisi” (1963, 1972, 1974, 1975, 1978) hamda 10 yillikning “Eng kuchli bokschisi” deya e’tirof etilgan.

Muhammad Alining asl ismi Kassius Kley bo'lib, u Vyetnamdagi urushda xizmat qilishdan bosh tortgach, bir zumda barcha chempionlik unvonlaridan ajraldi. Shuningdek, uch yil davomida boks janglarida qatnashish imkoniyatidan ham mahrum etildi. Sportchi AQShning Vyetnamdagi harbiy harakatlariga qa'tiyan qarshi edi.

1975-yilda u islomga kiradi va ismini Muhammad Ali deya o'zgartiradi. O'sha paytda u "Islom xalqi" (Nation of Islam) degan qora tanli guruh a'zosi edi. keyinchalik Muhammad Ali bu guruhdan uzoqlashgan va asosan sufizmga qiziqib, islomning bu oqimini o'rgangan. Muhammad Ali o'zini kuchli ruhiyat egasi deb hisoblagan.

Ali reklama va sport loyihalari orqali uch million dollarga yaqin pul ishlagan. U professional ringga qaytish orzusida edi.

Qaytganida esa ilk kurash mag‘lubiyat bilan yakunlangan. “Asr jangi” deb atalgan bellashuvda u Jo Freyzerga yutqazgan. Revansh jangida esa u Freyzer ustidan g'alaba qozonadi.

Chempionlik unvonini qaytarib olgan Muhammad Ali kuchga to'lib, yana katta yulduzga aylanadi.

Muhammad Ali oxirgi 32 yil mobaynida Parkinson xastaligi bilan kurashdi. Boks ustasi umri davomida irqiy tenglik va diniy bag‘rikenglikni targ'ib qildi.

Muhammad Alini 1978-yili Sovet Ittifoqiga taklif qilinganida, O‘zbekistonga ham borgan. Toshkentda Muhammad Ali Xastimom masjidini ziyorat qilgan va rafiqasi Veronika bilan Toshkentning diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirgan. Jumladan, ular poytaxtdagi o‘sha paytlarda dong‘i ketgan chinni zavodini borib ko‘rgan.

Ammo 1979-yili Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirganda, Muhammad Ali SSSR tajovuzini ikkilanmay qoralab chiqqan edi.

Hali qirq yoshga to‘lmasan Muhammad Ali Parkinson kasalligiga chalinadi. Uning uchta turmushidan sakkiz nafar farzand dunyoga kelgan.

2005-yilda o'sha paytdagi Prezident Jorj Bush Muhammad Aliga Erkinlik medalini taqdim etgan. Amerika qadriyatlari va inson erkinligini madh etgan sportshi AQSh xalqining mard o'g'loni, deya maqtagan uni Bush.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG