Breaking News

Muhammad Bekjon jazo izolyatorida


Muhammad Bekjon "Erk" muxolif partiyasining yetakchi a'zolaridan biri hamda rasmiy nashrining bosh muharriri edi
Muhammad Bekjon "Erk" muxolif partiyasining yetakchi a'zolaridan biri hamda rasmiy nashrining bosh muharriri edi

1999-yildan buyon qamoqda o'tirgan Muhammad Bekjon yana jazo izolyatoriga tashlangan. Unga nisbatan qo'shimcha muddat belgilanishi mumkin.

Bu haqda mahbus bilan ko'rishgani borgan yaqinlari xabar topgan. Aslida Bekjon 2017-yilning fevralida amaldagi jazo muddatini o'tab bo'ladi va ozodlikka chiqishi kerak.

1993-yilda qamalgan siyosatchi va muxolifatchi Samandar Qo'qonov yaqinda qo'yib yuborildi. Uning ham jazo muddati uzaytirilgan edi. Lekin kutilmaganda hukm bekor qilingan.

Bekjon Zarafshondagi maxsus zonada. Yaqinlari qamoqxonaga borganida, mutasaddilar u jazo izolyatoriga tashlangani bois uchrashish imkoniyati yo'q deb javob bergan.

2011-yilda Bekjonning jazo muddati tugab ozodlikka chiqishi kutilayotgan bir paytda unga qo'shimcha 4 yil 8 oy berilgan. Sabab nima deb so'ralganida ichki tartibni buzgani deya mujmal javob berilgan. Oila a'zolarining aytishicha, mahbus oshxonada sabzini yaxshi to'g'ramagani singari arzimas sabablar uchun jazolangan.

Muhammad Bekjon "Erk" muxolif partiyasi gazetasi bosh muharriri edi. U dunyoda eng uzoq davrdan beri qamoqda o'tirgan jurnalist hisoblanadi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi Muhammad Bekjonning tug'ilgan kuni munosabati bilan tarqatgan bayonotida, uni rostgo'y, haqiqatgo'y inson deb atab, unga qo'yilgan ayblovlarni shubha ostiga olgan.

Amerika hukumati bir necha yillardan beri Bekjonni ozod etishga chaqirib keladi.

Ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon “Erk” gazetasida Muhammad Bekjon bilan birga ishlagan. U Bekjonning qamoqoxonaga borgan yaqinlari bilan gaplashgan.

“Erk” gazetasining dastlabki sonlarini varaqa shaklida Muhammad Bekjonning uyida tayyorlardik. Gazeta ro'yxatdan o'tishidan so'ng yuz minglik tiraj bilan rasman nashrdan chiqa boshladi. Shu paytlarda ham Muhammad Bekjon gazetaga bosh muharrirlik qilgan. Muxolifatga nisbatan quvg'inlar boshlanganidan so'ng u Ukrainadan gazeta chiqishiga boshchilik qildi. Uning qamalishi “Erk” gazetasi bilan bog'liq. [1999-yildagi] Portlashlarga aloqadorlikdagi ayblovlar esa uydirma”, - deydi Qudrat Bobojon.

Muhammad Bekjon “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi.

“Erk” gazetasining yana bir yetakchi xodimi Yusuf Ro'zimurod ham qamoqda. U ham gazetaning tarqalishida, tashkil etilishida faol ishtirok etgan.

Qudrat Bobojon deydiki, yaqinda O'zbekiston hukumati Turkiyadan u yerda uzoq yillardan beri yashayotgan Muhammad Solihni chiqarib yuborishni yana bir bor so'ragan. Rahbariyat muxolifatdan qo'rqadi, deydi Bobojon.

O'zbekistonda prezident yangilanar ekan, siyosiy mahbuslar ozod etiladi degan umidlar kuchaydi. Salkam chorak asr qamoqda o'tirgan Samandar Qo'qonovga erkinlik berilgani keng jamoatchilik, xususan AQSh tomonidan ham olqishlandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG