Kecha Toshkentda sobiq muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yurak xurujidan 63 yoshda vafot etdi.
Bugun Ko'kchadagi Shayx Zayniddin masjidida janoza o'qilib, marhum Shayx Zayniddin qabristoniga dafn etildi.
Janozada o'n minglab odamlarning ishtirok etgani aytilmoqda. Info.islom.uz saytiga ko'ra, 200 ming odam qatnashgan.
Muhammad Sodiq nafaqat O'zbekistonda, balki butun islom dunyosida hurmatga sazovor ulamo edi.
Uning janozasida so'zlagan O'zbekiston muftiysi Usmonxon Olimov uning bevaqt o'limi butun musulmon ahli uchun katta yo'qotish, degan.
Sobiq muftiy chuqur islomiy bilimi va mo'tadil qarashlari bilan yaxshi tanish edi. U islomdagi radikal oqimlarni tanqid qilib, internetdagi vebsahifasi orqali targ'ibot olib borar edi.
Shayx Muhammad Sodiqni ustozi va do'sti deb bilgan Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov Grozniy shahridagi ko'chalardan biriga uning nomini bergan. Bugungi janozaga u ham borgan.