Breaking News

Ukraina va G’azodagi urush - Myunxen xavfsizlik anjumanidagi muhim mavzular


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu hafta Yevropaning Albaniya va Germaniya davlatlarida bo’ladi. Myunxen shahridagi an’anaviy yillik xavfsizlik anjumanida Blinken Rossiya-Ukraina urushi, Isroilning G’azodagi qonli harbiy amaliyoti, Ukraina uchun moliyaviy yordamning AQSh Vakillar palatasidagi taqdiri hamda sobiq prezident Donald Trampning NATOga doir xavotirli izohlari yuzasidan ma’ruza qilishi hamda hamkor davlatlar bilan fikr almashishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 15-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:41 0:00

Oq uy Kongressning quyi palatasidagi respublikachi qonunchilardan, xususan spiker Mayk Jonsondan tashqi yordamga doir qonun loyihasini ovozga qo’yishni so’ramoqda.

“Agar Putinning hokimiyatga hamda Ukraina ustidan nazoratga bo’lgan ishtahasiga barham bermasak, u yolg’iz Ukraina bilan cheklanib qolmaydi. Bu esa Amerika, hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizga yanada qimmatga tushishi mumkin. Ukraina uchun pulga qarshilik ko’rsatmoqchi bo’lgan respublikachi qonunchilar shuni bilsinki, tarix ularni kuzatmoqda”, - dedi Prezident Jo Bayden.

Myunxenga Xitoy tashqi ishlar vaziri ham borishi mumkin. Blinken u va boshqa hamkasblari bilan ko’rishmoqchi. Seshanba kuni Senatda qabul qilingan qonun loyihasida Tayvanga ham yordam puli ajratish ko’zda tutilgan.

Trampning “NATOga a’zo davlatlar mudofaa uchun zarur miqdorda mablag’ ajratmasa, AQSh ularni himoya qilmaydi” degan gaplari Yevropa davlatlarini xavotirga soldi. Tramp noyabr oyida Bayden bilan prezidentlik uchun qayta bellashishi va so’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra hatto saylovda g’alaba qozonishi mumkin.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, tashkilotga a’zo 31 davlatdan 18 tasi joriy yilda yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaaga sarflash rejasini bajarishi kutilmoqda.

Masalan, Germaniya ikki foizlik marraga Sovuq urush tugaganidan beri ilk marotaba erishishi aytilmoqda.

Stoltenbergga ko’ra, Yevropa davlatlarining mudofaa xarajatlari uchun umumiy ulushi bu yili 380 milliard dollarni tashkil etadi.

Ukraina esa Oq uydan va’da qilingan 60 milliard dollarlik yordamni kutmoqda.

So’nggi uch oyda uch marotaba kasalxonaga tushgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga yordam masalasini muhokama qilish uchun chorshanba kuni ittifoqchi davlatlar mudofaa vazirlari bilan virtual muloqot qildi.

Ukraina majlisga “sovg’a” tayyorladi – shu kuni Qrimda Rossiyaga qarashli yana bitta harbiy kema ukrain dengiz dronlari yordamida cho’ktirilgani aytilmoqda.

“Ta’minot liniyalari cho’zilgani sari zaiflashadi va hujumlarga moyil bo’ladi. Arzon tizim bilan o’ta strategik nishonni urish orqali kichik sarmoya bilan maksimal samara ko’rsatish mumkin”, - deydi AQShning iste’fodagi kontr-admirali Jozef Diguardo.

Ukraina uning bu kabi muvaffaqiyatlari unga hamkor davlatlardan ko’proq yordam olishda ko’maklashishiga umid qilmoqda.

“Ukraina o’z borlig’i uchun jang qilayotgan bir paytda biz chetda qarab tursak to’g’ri bo’lmaydi. Ukraina taslim bo’lmaydi. Biz ham”, - dedi Mudofaa vaziri Ostin.

Vakillar palatasidagi respublikachilarning o’jarligi sabab Ukraina AQShdan dekabr oyidan beri harbiy yordam olgani yo’q.

Bugun NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Bryusselda yana majlis qildi.

Bu o’rtada Ukrainaning Rossiya bilan chegarada joylashgan Belgorod shahriga navbatdagi hujumida kamida 6 odam, jumladan to’rt oylik chaqaloq o’lgan, 18 kishi, jumladan to’rt bola yaralangan. Rossiya tarafi hujumda Chexiya Ukrainaga uzatgan “Vampir” raketalari qo’llanganini bildirmoqda.

Rossiya ham bugun Ukraina shaharlarini raketa va dronlar bilan nishonga olgan. Lvovda energetika inshootiga, Xmelnitskiy viloyatida harbiy aerodromga zarba berilgan. Dnepr, Zaporojye, poytaxt Kiyevda ham portlashlar yangragan, kamida 11 odam jarohat olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG