Breaking News

Mustafo Jemilev "Birdamlik" mukofotiga sazovor bo'ldi


Mustafo Jemilev
Mustafo Jemilev

Qrim tatarlari milliy harakati yetakchisi Mustafo Jemilev Polshaning "Birdamlik" oliy mukofotiga sazovor bo'ldi. Dunyo bo'ylab ozodlik uchun kurashgan shaxslarga har yili taqdim etiladigan bu mukofot Polshada kommunistlar hukmronligining tugatilganiga 25 yil to'lishi munosabati bilan joriy etildi.

3-iyun kuni Varshavadagi hukumat saroyida bo'lib o'tadigan topshirish marosimida Mustafo Jemilev sovrinni Polsha prezidenti Bronislav Komorovskiy qo'lidan oladi. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ma'lum qildi.

Tantanada Polshada tashrif bilan bo'lib turgan AQSh Prezidenti Barak Obama ham ishtirok etadi.

Sovrin bu yil ilk bor e'lon qilinayotgani bois, uning dastlabki egasi qrim tatarlari qahramoni Mustafo Jemilev bo'ldi. Jemilev 1998-yildan beri Ukraina Parlamenti deputati hisoblanadi. U Sovetlar davrida qrim tatarlari huquqlari uchun olib borgan kurashi bilan mashhur.

Huquq faoli 1966-yildan 1986-yilgacha olti marta qamalib, turli mehnat lagerlari va hibsxonalarda qamoq muddatini o'tagan. 1998-yilda Jemilev BMTning Qochoqlar bo'yicha oliy komissari tomonidan Nansen medali bilan taqdirlangan.

Mustafo Jemilev ayni paytda Rossiya hududiga qo'shib olingan Qrim o'lkasi aholisi haq-huquqlari uchun kurashini davom ettirmoqda. Unga ko'ra, Qrimning Rossiyaga qo'shilishini yoqlab chiqqan referendum noqonuniy bo'lib, Rossiya Qrimni bosqinchilik yo'li bilan egallab turibdi.

"Birdamlik" mukofotining sovrin jamg'armasi bir million yevro bo'lib, uning 250 ming yevrosi Mustafo Jemilevga shaxsan topshiriladi. 700 ming yevro Mustafo Jemilev tanlab olgan ijtimoiy taraqqiyot dasturlariga yo'naltirilib, qolgan 50 mingi Polsha bo'ylab uyushtiriladigan tadqiqot sayohati uchun sarflanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG