Breaking News

Mahalliy hindular bozori Vashington muzeylarida


Vashingtondagi Smitson muzeyida Amerika hindulari galereyasida noyob buyumlar ko’rgazmasi ochildi. Unda qo’yilgan taqinchoq, gilam va sopol asarlarning barchasi qadimgi uslubda yaratilgan, qo’l mehnati. Ularni nafaqat tomosha qilasiz, balki sotib olish ham mumkin.

Porfirio Gutiyerrez gilam to’qiydi. Uning ota-bobolari ildizi Meksikaga borib taqaladigan Zapotek hindular qabilasidan.

“Bu gilamlarni devorga osib yoki shunchaki yerga to’shab qo’yish mumkin”, - deydi Gutiyerrez.

Uning ishi qadimgi uslubda, boshdan oyoq qo’lda ishlanadi. Bu oilaviy biznes. Gilam to’qish ular uchun azaliy hunar.

“Bolaligimda toqqa chiqib o’t-o’lan terganimizni eslayman. Ota-onam bu o’simliklardan bo’yoqlar olishardi. Ona tabiatni, ona zamin ne’matlarini sevishni, ardoqlash kerakligini uqtirishgan”, - deydi Gutiyerrez.

“O’simliklardan olingan tabiiy bo’yoqlar bilan gilam to’qish sanoati yo’qolib boryapti. Men esa shu uslubni saqlab qolmoqchiman. Buning birgina yo’li gilam to’qishni san’at turi sifatida targ’ib etish”,- deydi u.

Gutiyerrez to’qigan gilamlar Vashingtondagi Amerika hindular muzeyida yuzlab qo’lda to’qilgan gilamlar qatori ko’rgazmaga qo’yilgan.

Bu yerda Amerikaning tub aholisi bo’lgan hundular yaratgan an’anaviy san’at asarlari namunalarini ko’rasiz. Ko’rgazmada 30 dan ortiq ustalar ishlagan buyumlar bor, hammasi Shimoliy Amerikadan.

Bu ijodkorlar tabiatdan ilhom oladi.

Masalan Jeyn Mayer zargar. U bug’u tishlari, qo’tos suyaklaridan taqinchoqlar yasaydi.

“Bug’uning ikki qoziq tishi bo’ladi. Bu munchoq o’shandan. Orasiga qo’tos suyaklaridan qo’shib terganman. 200 yillar oldin nima ishlatilgan bo’lsa, usha materiallardan foydalanishga urinaman”, - deydi u.

Katlin Vol kulolchilik qiladi. U Nyu-Meksiko shtati tuprog’idan o’ziga xos qo’g’irchoq haykallarchalar yasaydi.

“Boshdan-oyoq qo’l mehnati. Tuproqni o’zim kovlab olaman, elayman, pishitaman, bizning asosiy ish qurolimiz bo’lgan charxda aylantirib shakl beraman. Qurigandan so’ng yana ishlov berib, tandirda pishirib olaman”, - deydi Ketlin Voll.

Vashingtonda bunday ko’rgazma 2006-yildan beri o’tkaziladi.

“Hindular mamlakatga qo’shayotgan hissasini Amerika xalqi tan olishiga umid qilamiz. Ular bu yurtga birinchi bo’lib qadam bosgan, qancha qiyinchilikni boshdan kechirgan bo’lsada rivonlanishdan, ijodkorlikdan to’xtagani yo’q”, - deydi muzey xodimi Xayis Lavis.

Ko’rgazmaga qo’yilgan noyob buyumlar nafaqat ko’zni quvontiradi, shuningdek, Amerika tub aholisi madaniyatining boy tarixini ham ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG