Breaking News

Ukrainadagi vaziyat NATO diqqat markazida


Ukraina askarlari Luganskda, 24-yanvar, 2015-yil
Ukraina askarlari Luganskda, 24-yanvar, 2015-yil

NATO rasmiylarining bildirishicha, bugun Bryusselda blokka a'zo 28 mamlakat hamda Ukraina elchilari Kiyev iltimosiga ko'ra favqulodda majlis o'tkazadi.

Ukraina hukumati sharqda harbiy harakatlar avj olganini ma'lum qilmoqda. O'tgan hafta Mariupol raketa hujumiga uchrab, kamida 30 kishi o'lgan, 80 dan ziyodi jarohat olgan. Kiyev va isyonchilar aybni bir-biriga to'nkamoqda. So'nggi bir kunda armiya yetti askarini yo'qotganini bildirmoqda, 24 nafari yaralangan.

AQSh Prezident Barak Obama va Yevropa rahbarlari isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotgan Rossiyani yangi sanksiyalar bilan jazolashga do'q-po'pisa qilmoqda.

"Ukrainada o'tgan hafta sulh buzilganidan xavotirdamiz; Rossiya yordamida, Rossiya qurollari, puli, odamlari yordamida amalga oshirilgan bo'lginchilar agressiyasidan chuqur tashvishdamiz. Rossiyaga bosimni oshirishda davom etamiz", - dedi Obama.

Yevropadagi ayrim rahbarlar yaqinda sanksiyalarni yengillashtirish haqida so'z ochgan edi. Biroq Yevropa Kengashi prezidenti va Polsha sobiq bosh vaziri Donald Tusk "bosqinchiga yon berish uni kattaroq zo'ravonliklarga undaydi" deb bayonot berdi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Mariupolga hujumda isyonchilar aybdor ekanini tasdiqlovchi dalillar bor, deydi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha mas'ul rasmiysi Federika Mogerini bilan telefon orqali suhbatda Ukraina armiyasini so'nggi kunlarda hujumlarni kuchaytirganlikda ayblab, Yevropa Ittifoqidan Ukrainani isyonchilar bilan muzokara qilishga undashni so'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG