Breaking News

Mariupoldagi hujumda Kiyev va isyonchilar bir-birini ayblamoqda


Mariupol, hujumlardan so'ng
Mariupol, hujumlardan so'ng

Ukraina sharqidagi isyonchilar Mariupol shahri atrofida joylashgan harbiylar pozitsiyalarini o'qqa tutmoqda. Rossiyani bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblayotgan Yevropa Ittifoqi Moskva bilan munosabatlar yanada yomonlashishi haqida ogohlantirmoqda.

Ukraina rasmiylari Mariupolda aholi yashovchi rayonga snaryadlarning kelib tushishi oqibatida kamida 30 kishining o'lgani haqida ma'lum qilmoqda. Bozor va uylar hujumga uchragan, 80 dan ziyod odam yaralangan.

Saudiya Arabistoni qirolining vafoti munosabati bilan qirollikka borgan Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko safarini erta yakunlab, vataniga qaytib bordi va Xafsizlik kengashining shoshilinch yig'ilishini o'tkazdi.

Tinch aholi qurbon bo'lishini insoniyatga qarshi jinoyatga tenglashtirgan Poroshenko Mariupol aynan ayrimachilar tomonidan o'qqa tutilganini tasdiqlovchi dalillar yaqinda jamoatchilik e`tiboriga taqdim etilishini bildirmoqda.

Ukraina Mariupol hodisalari bois zudlik bilan NATO komissiyasi yig’inini o’tkazishga chaqirmoqda. Poroshenko bo’lginchilar Minskda imzolangan tinchlik kelishuvini inkor eta boshlaganidan ham xavotir bildirgan.

Prezident Poroshenko telefonda AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden bilan gaplashgan. Bayden hujumlarni qoralab, aybni isyonchilarga yuklagan. Oq uy Rossiyani sentabrda Minskda imzolangan sulh shartlarini buzganlikda ayblamoqda.

Yevropa Ittifoqi raisligini bajarayotgan Latviya tashqi ishlar vazirlarining favqulodda majlisini chaqirgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya armiyasi isyonchilarga yordam bermoqda, ularga zamonaviy raketa sistemalarini uzatmoqda.

Mariupolga hujum ketidan Ukrainada motam e'lon qilindi. Isyonchilar rahbari Aleksandr Zaxarchenkoning aytishicha, ular Mariupoldan 40 kilometr narida joylashgan bo'lib, bu qadar uzoqlikdan nishonga olish salohiyatiga ega emas. Zaxarchenko hujum ortida Ukraina qurolli kuchlari turgan, deya ularni provokatsiyada ayblamoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bayonot chiqarib, agar Rossiya isyonchilarga yordamini to'xtatmasa va qo'shinlarini Ukrainadan chiqarmasa, unga nisbatan xalqaro bosim oshirilishi haqida ogohlantirdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainani zo'ravonliklarni avj oldirib, to'plar va aviatsiya yordamida tinch aholini qirganlikda ayblamoqda.

Mariupol strategik ahamiyatga ega. Port shahar Rossiyani unga qo'shib olingan Qrim bilan bog'lovchi Azov dengizi bo'yida joylashgan.

Ukraina motamda... / Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:35 0:00

Mariupol qurbonlarini xotirlash uchun poytaxt Kiyev maydonida yig’ilgan fuqarolar hujumda asosan Rossiyani va Moskva nazoratidagi isyonchilarni ayblaydi.

"Men Donbass bo’ylab kechayotgan zo’ravonliklarga qarshiman, plakatimda meni ot - men Mariupolman, meni ot - men Valnoxavaman, deb yozilgan. Bu bilan biz qattiq iztirobda ekanligimizni, otayotgan odamlarga qarata qurollaringizni tashlang, bizning xalqimizni tinch qo’ying demoqchiman”, - deydi xotira marosimida qatnashgan kiyevliklardan biri.

So‘nggi paytda Ukraina sharqida vaziyat keskinlashgan, hukumat kuchlari va ayrimachilar o’rtasidagi qurolli to’qnashuvlar miqyosi kengaygan.

Ukraina Mudofaa vaziri Stepan Poltorak shu hafta o’tkazilgan aksilterror amaliyotlarida 800 dan oshiq jangarilar o’ldrilganini aytmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti voqeani xalqaro miqyosda tergov qilishga chaqirmoqda.

Ukraine mourning
Ukraine mourning

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG