Breaking News

Nelson Mandelaning ahvoli og'irlashgan


Janubiy Afrika Respublikasi sobiq prezidenti, aparteidga qarshi kurashgan Nelson Mandela og’ir ahvolda Pretoriya kasalxonasiga yetkazildi.

Prezident Jeykob Zuma bu haqda yakshanba kechqurun ma’lum qildi. 94 yoshli Mandela o’pka kasalligidan aziyat chekmoqda.

Prezident so’zlovchisi Mak Maharajning bildirishicha, Mandela ahvoli so’nggi 24 soat davomida ancha yomonlashgan. U 8-iyun kuni kasalxonaga yotqizilgan edi. Dekabr oyidan beri to’rtinchi marta og’ir kasal bo’lishi.

"Doktorlar uning ahvolini yaxshilash uchun qolidan kelganicha harakat qilmoqda, - dedi Maharaj, - Uning parvarishi yaxshi. Prezident Zuma xalq va jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, Mandela salomatligi uchun, oilasi va bu qiyin davrda unga qarayotgan shifokorlar uchun ibodat qilishni so’radi”.

Maharajning, shuningdek, bildirishicha, Janubiy Afrika asoschisi Mandela shu kungacha og’ir, ammo barqaror ahvolda edi.

“So’nggi 24 soat davomida uning ahvoli yomonlashdi. Biz xavotirdamiz. Shu paytgacha jiddiy hisoblangan ahvoli hozirda ancha og’ir,” – dedi u.

Mandela Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli prezidenti. U oq tanlilar hukmronligiga qarshi kurashgani uchun 27 yil qamoq jazosini o’tagan, so’ngra 1994-yilda prezident etib saylangan. Aparteidga chek qo’ygan siyosiy arbob hisoblanadi.

So’nggi yillarda uning salomatligi ancha yomonlashdi. Joriy yilda u bir necha marta kasalxonaga yotqizildi, qolgan vaqt uyida muolaja oldi.

Dekabr oyida u 18 kun kasalxonada davolandi. 1988-yilda qamoqdaligida Mandela sil kasaliga chalingan edi.

Nelson Mandela 2004-yilda siyosiy faoliyatini to’xtatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG