Breaking News

AQSh harbiylari Afrikadagi radikal guruhlarni yaqindan kuzatyapti


AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo’mondonligi Nigeriya shimolida Boko Haram jangari guruhini yaqindan kuzatmoqda.
Afrikadagi radikal guruhlar AQSh diqqat markazida/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00
Yuklab oling

“G’arb ta’limi gunoh” degan ma’noni bildiruvchi bu radikal guruh so’nggi paytda qit’adagi boshqa terror tashkilotlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

AFRICOM, ya’ni AQShning Afrika bo’yicha qo’mondonligi Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan. Uning vazifasi Afrika davlatlarining mudofaasini kuchaytirish orqali AQSh xavfsizligini ta’minlashdir.

Ikki oy ilgari AFRICOM rahbari etib tayinlangan general Deyvid Rodrigez yaqinda Vashingtonga kelganida, “Amerika Ovozi” uni suhbatga tortdi.

Hozir bizni tashvishlantirayotgan eng asosiy masala bu - Afrikada jangari guruhlar tez sur’atda tarqalayotganidir, deydi qo’mondon. Nigeriyaning Boko Haram guruhi ular bilan aloqani kengaytirayapti.

“Bunday hamkorlik natijasida jangarilar o’z imkoniyatlari va salohiyatini oshiradi. Qon to’kishda esa Boko Haramga yetadigani yo’q. Shimoliy Nigeriya, Niger va Chadda faoliyat olib borayotgan bu tarmoq kundan kunga kengayib bormoqda. Uni to’xtatish uchun hukumatlar birgalikda, aniq va puxta bir reja asosida harakat qilishi kerak”, - deydi general Rodrigez.

Obama ma’muriyati nazarida Nigeriya shimolida tartib o’rnatish mahalliy hukumat zimmasida. AQShning vazifasi – Afrikadagi ittifoqchi davlatlar armiyasini treyningdan o’tkazish, harbiylarga qanday yordam kerak bo’lsa, berish.

“Jamiyat hayotini izdan chiqaradigan voqealarni, Boko Haram singari guruhlar faoliyatini yaqindan kuzatamiz”, - deydi amerikalik qo’mondon. “Afrika o’z muammolarini o’zi hal qilishi kerak, o’z qo’shinlariga tayanishi kerak. Qanday madad va maslahat kerak bo’lsa, biz tayyormiz”.

Amerikaning Afrikadagi yagona harbiy bazasi Jibutida joylashgan bo’lib, rasmiylarning aytishicha, bu yerda qo’shimcha istehkomlar ochish rejalanmagan. Ammo Mali va Niger osmonida uchuvchisiz samolyotlar tez-tez ko’rinayotgani kengaytirilgan operatsiyadan dalolat, deydi ba’zilar.

AQSh generali Deyvid Rodrigez bunga javoban deydiki, qit’adagi amerikalik askarlar, asosan, murabbiylardan iborat. Ular mezbon davlatlar iltimosiga binoan qisqa muddatli mashg’ulotlarni o’tkazish uchungina yuboriladi.

“Afrika tarixi, mustamlakachilik o’tmishi bizga saboq bo’lishi kerak. Oldimizdagi barcha vazifalarni katta qo’shin bilan emas, ixcham va zamonaviy, tahdidga tezkor javob bera oladigan kuch bilan bajarsa bo’ladi”, - deydi general.

Ayni paytda Afrikada amerikalik harbiy instruktorlar ham kamaytirilgan. Lekin razvedka va maxfiy kuzatuv ishlari jadal olib borilyapti. Shuningdek, razvedka ma’lumotlarini yig’ish uchun pilotsiz vositalar va sun’iy yo’ldoshdan kengroq foydalanish rejada.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG