Breaking News

Kelajakda global sarmoya bozorini rivojlanayotgan davlatlar egallaydi


Jahon Bankining "Global taraqqiyot istiqbollari-2013" hisoboti muqovasi.
Jahon Bankining "Global taraqqiyot istiqbollari-2013" hisoboti muqovasi.
Yaqin kelajakda global sarmoya bozorida rivojlanayotgan mamlakatlar yetakchilikni qo’lga oladi, ayniqsa Xitoy va Hindiston.

Bugun kapital oqimida ularning ulushi 30 foizni tashkil etsa, 20 yildan so’ng bu ko’rsatkich 50 foizga yetadi, deyiladi Jahon Bankining “Global taraqqiyot istiqbollari” nomli yangi hisobotida.

Kelajakda global sarmoya bozorini rivojlanayotgan davlatlar egallaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00
Yuklab oling

Jahon Bankiga ko’ra, 2030-yilga borib rivojlanayotgan davlatlar dunyo sarmoyalarining yarmiga, ya’ni 160 trillion dollarga egalik qiladi.

Bunday jiddiy o’zgarishga olib keladigan faktorlardan biri bu - demografik o’zgarishlar, deydi bank bosh iqtisodchisi va vitse-prezidenti Kaushik Basu.

“2030-yil oxiriga borib dunyoning 7 milliardga teng aholisi 8,5 milliard odamga yetadi. Ayrim jamiyatlarda aksariyat aholini keksalar tashkil etadi. Iqtisodiy o’sish va taraqqiyotning asosiy omillari, xususan jamlangan mablag’ va sarmoyalar, jumladan infratuzilmaga ajratilgan sarmoyalar borasida qanday o’zgarishlar yuz berishi barchamizni tashvishlantirmoqda”, - deydi Basu.

Uning aytishicha, bugungi iqtisodiy ko’rsatkichlar real vaziyatni to’la aks ettirmaydi.

“Ko’rsatkichlarga qarasangiz, dunyodagi iqtisodiy ahvol o’tgan yilga qaraganda ancha yaxshilagandek. Ammo asl vaziyat ancha og’ir, ayniqsa Yevropa kabi ayrim mintaqalarda krizis hanuz davom etmoqda”, - deydi mutaxassis.

2030-yilni bashorat qilishga uringan iqtisodchilar qiziq xulosalarga kelgan:

“Xitoy va Hindiston dunyoning eng yirik sarmoyadorlariga aylanadi. Global miqyosdagi kapital oqimlarining 47-60 foizini rivojlanayotgan mamlakatlar nazorat eta boshlaydi. Hozirda bu ko’rsatkich 23 foizga teng. Misli ko’rilmagan o’zgarishlar”, - deydi Jahon Banki xodimi.

Hisobot mualliflariga ko’ra, 2030-yillarning oxiriga borib Afrika jadal o’sayotgan mintaqaga aylanishi mumkin. Investorlarning bu qit’aga qiziqishi oshib bormoqda. Ayni vaqtda ko’pgina hududlarga qaraganda Afrikada ishchi kuchini asosan yoshlar tashkil etadi.

Mauritsio Bussolo izlanishga yetakchilik qilgan.

Uning so’zlariga ko’ra, 15-20 yildan so’ng dunyoda sarmoya qilingan har bir dollarning 60 senti rivojlanayotgan mamlakatlarga kiritiladi. Bu juda katta o’zgarish. XX-asrning 60-yillaridan boshlab to XXI-asr boshigacha sarmoya sifatida kiritilgan har bir dollardan atigi 20 senti rivojlanayotgan mamlakatlarga to’g’ri kelgan, deydi Bussolo.

Izlanish xulosalariga ko’ra, kelajakda rivojlanayotgan mamlakatlar infratuzilma va xizmatlar, shu jumladan ta’lim va sog’liqni saqlash sohalariga katta mablag’ ajratishga qodir bo’ladi. Savodxonlik oshishi bilan fuqarolarning pul topish imkoniyatlari ham kengayadi, bu kambag’allikni kamaytirishga yordam beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG