Breaking News

AQShda demokrat qonunchilar Isroil rahbaridan ranjigan


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu

AQSh Prezidenti Barak Obamaning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Syuzan Rays Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning AQSh Kongressida so'zlash qarorini keskin tanqid qildi.

Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner tomonidan taklif etilgan Netanyaxu 3-mart kuni Kongressning har ikki palatasiga murojaat qiladi. U AQShning Eron yadro dasturi bo'yicha olib borayotgan muzokaralariga munosabat bildirishi kutilmoqda.

Syuzan Raysning aytishicha, Netanyaxuning bu qarori AQSh va Isroil aloqalariga putur yetkazadi.

Beynerning Isroil rahbarini Oq uy bilan maslahatsiz taklif qilgani Obama ma'muriyatini g'azabga soldi. Obama Netanyaxu bilan uchrashmasligini ma'lum qildi. Ayrim qonunchilar uning bu qarorini tanqid qildi, biroq Oq uyning bildirishicha, Isroilda parlament saylovlariga ikki hafta qolganda nomzodlardan biri bilan uchrashish saylov natijasiga ta'sir qilishi mumkin.

Kongressdagi ayrim demokratlar Oq uyni bu masalada qo'llab-quvvatlab, Netanyaxuni tinglagani bormoqchi emas. Senat prezidenti, AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden o'sha kuni xorijda bo'ladi.

Netanyaxu o'z navbatida ayrim demokrat senatorlarning alohida uchrashish taklifini qabul qilmadi.

"Uchrashuvda ishtirokim siyosiy tarafkashlik deya ta'riflanishi mumkin", dedi Isroil rahbari Illinoys shtatidan demokrat senator Richard Durbinga yo'llagan maktubida.

"Respublikachi spiker tomonidan Kongressda nutq so'zlash uchun taklif etilgan Netanyaxuga Isroilni qo'llab-quvvatlovchi demokratlar bilan alohida uchrashib, siyosiy muvozanatni o'rnatish imkonini berdik, ammo uning rad javobi yillar davomida Isroil tarafida bo'lgan demokratlarni ranjitdi", deydi senator Durbin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG