Breaking News

Musulmon nomzod Kongress uchun partiya saylovlaridan o'ta olmadi


Kongress uchun o'z nomzodini e'lon qilgan Jesse Sbayh (o'ngda) saylovchilardan biri bilan gaplashmoqda, Nevada, AQSh.
Kongress uchun o'z nomzodini e'lon qilgan Jesse Sbayh (o'ngda) saylovchilardan biri bilan gaplashmoqda, Nevada, AQSh.

Nevadaning uchinchi saylov okrugidan Jesse Sbayh Kongress uchun Demokratlar partiyasidan nomzodlikni qo'lga kirita olmadi. U mamlakat qonun chiqaruvchi organi uchun nomzodini qo'ygan sanoqli musulmonlardan biri edi.

U Senatdagi ko'pchilik demokratlar yetakchisi Garri Rid nafaqaga chiqishi munosabati bilan bo'shab qolayotgan o'rin uchun kurashayotgan edi.

Sbayhning aytishicha, u senator Ridning qo'llab-quvvatlovini olishga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan.

"U bilan uchrashishga, mamlakatimizga oid masalalar haqida suhbatlashishga mushtoq edim. Lekin bu mavzular haqida gapirish o'rniga u darhol dinimga e'tibor qaratdi", - deydi u.

"Senga ochiq aytib qo'yay. Sen bu saylovda yuta olmaysan, chunki musulmonsan, dedi u", - deydi Sbayh.

Musulmon nomzod AQShga 11 yoshida ota-onasi bilan Iordaniyadan kelgan.

Kelganimda ingliz tilidan bir so'z ham bilmas edim, deydi u.

Sbayh tez orada ingliz tilini o'rgandi, AQSh fuqaroligini qo'lga kiritdi. So'ng huquqshunoslik sohasida o'qidi va ishladi. Nevadaning Henderson shahrida o'z advokatlik firmasini ochdi.

U Kongressga saylanish uchun harakatini bu mamlakat unga bergan imkoniyat va yaxshiliklar uchun rahmat javobini qaytarish niyatida ekani bilan izohlaydi.

U shu maqsadda o'tgan yili avgustda Garri Rid bilan uchrashadi. Yoqimsiz suhbat ortidan Sbayh o'zini dini tufayli ajratilgandek his etib, bo'lib o'tgan suhbatni jamoatchilikka oshkor qiladi.

"O'sha uchrashuvda nima bo'lganini aytish kerak edi. Chunki saylovchilar bu saylovlarda nimalar ro'y berishini bilsin", - deydi Sbayh.

Sbayhning gaplari matbuotda paydo bo'lgach, senator Rid uning aytganlarini inkor qildi.

Ichki partiyaviy kurashda Jeki Rouzen Sbayhni va yana boshqa to'rt nomzodni ortda qoldirib, nomzodlikni qo'lga kiritdi. Uning g'alaba qozonishida senator Rid va Nevada demokratik partiyasi qo'llab-quvvatlovini qo'lga kiritgani muhim rol o'ynadi.

"Qarorni odamlar berishi kerak. Yetakchilar yoki yuqoridagi boshqaruv tizimi emas. Odamlar kimga ovoz berish bo'yicha boshqalarning o'rgatishidan charchadi. Shuning uchun odamlar ovoz berishni yoqtirmay qo'ygan", - deydi Sbayh.

Jeki Rouzen endi noyabrdagi saylovda senator Garri Rid o'rni uchun respublikachi nomzod, amaldagi kongressmen Jou Hek bilan bellashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG