Breaking News

Vakillar palatasi 3 trillion dollarlik yangi yordam paketi qabul qildi


Qonunchilar
Qonunchilar

AQShda iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan navbatdagi 3 trillion dollarlik yordam paketi Kongress Vakillar palatasida qabul qilinib, Senatga oshirildi.

Xalqaro hayot – 18-may, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:23 0:00

“Iqtisodiyotni ochib, koronavirusga testlarni yoppasiga tashkil qilish kerak. Shtatlardagi kompaniyalarga yordam berib, qahramonlarimizni sharaflamoqchimiz. Amerikaliklarga pul bermoqchimiz”, - dedi palata spikeri Nensi Pelosi.

Biroq respublikachi qonunchilar nazarida, ushbu qonun loyihasi, asosan, demokratlar manfaatlarini ko’zlaydi.

“Bu hujjatda koronavirusga daxlsiz narsalar ko’p. Senatda bunday loyiha qabul qilinmaydi. Pul miqdori, uning qanday sarflanishi, koronavirusga aloqasi yo’q bandlari bilan hujjat Senatdan o’tmaydi”, - dedi respublikachi senator Lindsi Grem. "

Demokratlar talabalarning o’qish uchun olgan qarzlarini kechishni, koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiy xizmatchilarga, uy egalari va ijarada turgan odamlarga, fermerlarga moliyaviy yordam taklif etmoqda.

Hujjatsiz muhojirlar soliq deklaratsiyasini to’ldirsa, ularga ham yordam puli berish ko’zda tutilgan.

“Nensi Pelosi noqonuniy muhojirlarga ham 1200 dollar bermoqchi. Hujjatning bu va boshqa bandlariga jiddiy qarolmayman”, - dedi Oq uy savdo maslahatchisi Piter Navarro.

Biroq vermontlilk senator va yaqingacha prezidentlikka nomzod bo’lgan Berni Sanders bu choralarning muhim ekanini aytadi.

“Ayrim odamlarda shifokorga murojaat qilishga pul yo’q. Koronavirus alomatlari bo’lsa-da. Agar bu mamlakatning ishchi sinfi haqida qayg’urayotgan bo’lsangiz, ular yuzlashayotgan qiyinchiliklarni tushunib, Kongressdan darhol chora ko’rishni talab qilishingiz kerak”, - dedi demokrat qonunchi.

Sandersning aytishicha, Senat pandemiya paytida ishlamayotgan amerikalik ishchilarga yordam berishni ko’zda tutgan bu hujjatni yanada takomillashtirishi kerak.

“Yevropada ish o’rinlarini saqlab qolishga qaratilgan amaliyotni biz ham qo’llashimiz kerak. Amerikadagi har bir ishchi nafaqat maoshini, balki ishlagan paytidagi barcha imtiyozlarini olishda davom etib, inqiroz tugashi bilan ishga chiqishini ta’minlash lozim”, - dedi u.

Oq uy savdo maslahatchisi Navarroning aytishicha, Prezident Donald Tramp iqtisodiyotni boshqa yo’l bilan rivojlantirmoqchi.

“Xitoy virusi sabab xizmat ko’rsatish sohasida yo’qotilgan har bir ish o’rinlari o’rniga ishlab chiqarishga qaratilgan ish o’rinlari yaratiladi. Bunday yondashuv xizmat ko’rsatish sohalaridagi ish o’rinlarini qaytadan yaratishga yordam beradi. Prezident Tramp Amerikada ishlangan mahsulotlarni xarid qilishni, davlat nazoratini kamaytirishni, innovatsion g’oyalarni ko’paytirishni taklif qilmoqda. Bu dori-darmon ta’minot zanjirini AQShga qaytarishdan, tibbiy anjomlar va uskunalarni AQShda ishlab chiqarishdan boshlanadi. Bu iqtisodiyotga ham, milliy xavfsizlikka ham foyda keltiradi”, - dedi Navarro.

Spiker Pelosining aytishicha, demokratlar taklif etilgan qonun loyihasi bo’yicha respublikachilar bilan muzokaraga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG