Shimoliy Dakota va Montana kabi shtatlarda ochilgan neft konlari bir paytlar ovloq manzillarga odamlarni chorlay boshladi. Villiston shahrida aholi keskin ko’payib maishiy xizmatlar esankirab qoldi.
O’t ochiruv, tibbiy, kommunal xizmatlar ana shularga misol. Shaharning eskirgan maktablari ham soni qaynab ketgan o’quvchilar talablariga mos emas.
Neft konlari kashf qilinishi ortidan Shimoliy Dakotaning Villiston shahrida hayot qiziyapti. Jon Monger o’zgarishlardan garang. Shaharda tug’ilib o’sdi, 47 yildan beri yashaydi.
Monger boshlang’ich maktabda 24 yildan beri dars beradi. Oxirgi uch yil maktabga taqab solingan imoratda ishlashga majbur bo’ldi:
“Bu sinfxonalar kichikroq. Hozir 18 o’quvchim bor, yil boshida 16 kishi edi”.
Shimoliy Dakotada qora oltin konlari ishga tushib boshqa shtatlardan odamlar ish qidirib kelayapti. Ularning bolalari Hagan maktabiga sig’may ketdi.
“To’rt-besh yilda qabulni ancha oshirishga majbur bo’ldik. Aksariyati boshlang’ich sinf bolalari. Ya’ni taxminan 70 foizi past sinflarda o’qiyapti”, - deydi Viola LaFonteyn. U Shimoliy Dakota shtatidagi eng kichik, lekin o’quvchilari soni eng jadal o’sayotgan maktab direktori. Villiston maktabi shtatning eng internatsional ta’lim maskanlaridan.
“Maktabimizda yetti tilda so’zlashiladi. Ko’plar ispanchada gaplashadi, xitoy va fransuzcha nutqni ham eshitasiz”, - deydi LaFonteyn.
Monger kabi muallimlar katta sinflarni kichik sinfxonalarga sig’dirishi kerak. Chet elda gaplashuvchi bolalar bilan kelishishi lozim. Bundan boshqa problemalar ham bor.
“Yil davomida kirib chiqib yuradigan o’quvchilar bor. Ba’zilar yil o’rtasida qo’shiladi sinfga. Ular uchun qulay sharoit yaratish kerak”, - deydi direktor LaFonteyn.
Uning aytishicha, malakali o’qituvchilarni qidirib topish qiyin; o’sib borayotgan aholiga mos yangi binolarni qurib bitkazish uchun moliya kerak. Shimoliy Dakota shtati neftdan tushgan daromad hisobiga gullasa-da, bundan maktablar moliya olmayapti.
“Shimoliy Dakota doim konservativ, tejamkor shtat bo’lib kelgan. Buning yomon yeri yo’q. Ammo hozir jinday pulimiz bor-ku, keling shundan biroz ishlataylik. Maktablarga grantlar, stipendiyalar berishsin”, - deydi direktor.
“Shaharda yana bitta maktab qurishsa ma’qul edi. Hozir men ishlab turgan ta’lim dargohi bolalar uchun torlik qilayapti. Boshqa muallimlar ham fikrimga qo’shiladi”, - deydi muallim.
Villiston shahrida saylovchilar yaqinda bu borada dangal gapirish imkoniga ega bo’ladi. Shu oy yangi maktab qurilishi uchun moliya jamlash va buning uchun soliqlarni oshirish masalasi ovozga qo’yiladi. O’tgan galgi referendumda masala ovozdan o’tmagan edi.
Villiston shahrida, misol, aholi keskin ko’payib maishiy xizmatlar esankirab qoldi. Maktablar soni qaynab ketgan o’quvchilar talablariga mos emas.