Breaking News

Shimoliy Koreya sinovlari AQSh va ittifoqchilarini xavotirga solmoqda


Shimoliy koreyalik harbiylar sinovni televizor orqali tomosha qilmoqda, Pxenyan shahri
Shimoliy koreyalik harbiylar sinovni televizor orqali tomosha qilmoqda, Pxenyan shahri

AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya bilan muloqot foyda bermaydi deyishi ketidan Mudofaa vaziri Jim Mattis bu mamlakat yadro dasturiga yechim topishda diplomatik yondashuvdan voz kechilmasligini aytdi.

Odatda fikrlarini Twitter orqali bildirishga o’rgangan Trampning aytishicha, Amerika Pxenyan bilan 25 yildan beri gaplashib keladi, uni boqib keladi, ammo befoyda.

“Muammoni hal qilish uchun AQSh barcha choralarni ishga solishga tayyor”, - dedi u.

Shimoliy Koreya shu hafta yangi sinov o’tkazarkan, 2009-yildan beri ilk bor ballistik raketasini Yaponiya hududi uzra uchirib, AQSh va mintaqa davlatlarini g’azab va xavotirga soldi. 550 kilometr balandlikka chiqqan raketa 2700 kilometrlik parvozdan so’ng Tinch okeaniga tushdi.

Janubiy Koreya mudofaa vaziri 30-avgust kuni Pentagonda bo’lib, Mattis bilan vaziyatni muhokama qildi.

“Yurtimizni, xalqlarimizni, manfaatlarimizni himoya qilish yo’lida hamkorligimizni davom ettiramiz”, - dedi AQSh mudofaa vaziri.

Shimoliy Koreya uning so’nggi sinovi AQSh va Janubiy Koreyaning yarimoroldagi qo’shma harbiy mashg’ulotlariga javob ekanini ma’lum qildi.

Tramp Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abega qo’ng’iroq qilib, mintaqadagi ahvol bo’yicha fikr almashdi.

AQShning qurolsizlanish bo’yicha Jenevadagi elchisi Robert Vud Pxenyan yadro dasturini global xavfsizlikka jiddiy tahdid deb atadi.

“AQSh va ittifoqchilarimizga qarshi bu jiddiy tahdidga hamkorlikda javob berish kerak. Buning uchun Amerikada yetarlicha imkoniyat va iroda bor va Pxenyan buni bilib qo’yishi zarur”, - dedi u.

Shimoliy Koreya davlat axborot agentligining mamlakat rahbari Kim Chen Undan iqtibos keltirishicha, o’rta masofali “Xvason-12” ballistik raketasining sinovi Shimoliya Koreya qurolli kuchlarining Tinch okeanidagi harbiy amaliyotlari yo’lida birinchi qadam va Guam oroliga hujumidan oldin tayyorgarlikdir.

Orol AQShga qarashli bo’lib, Kim Chen Un uni nishonga olishga do’q-po’pisa qilgan edi.

Bu o’rtada AQSh Harbiy-dengiz kuchlari ham o’rta masofali ballistik raketani Gavayi yonida uchirib, mudofaa tizimini tekshiruvdan o’tkazgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG