Breaking News

AQSh va Janubiy Koreya Pxenyan tahdidlariga qarshi tadbir ko'rmoqda


Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Kim Min Sukning aytishicha, Shimoliy Koreya yadro sinoviga javoban Janubiy Koreya va AQSh rasmiylari Koreya yarimorolida AQShning qo'shimcha strategik aktivlarini joylashtirish xususida gaplashmoqda. Rasmiy aynan nima haqida gap ketayotganini oshkor qilmadi.

Fransiya va Janubiy Koreya matbuotiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar ayni damda Yaponiya sohillarida turgan Ronald Reygan atom avianosetsini, yadro qurollari bilan jihozlangan bir necha suvosti kemalarini hamda radar ilg'ab ololmaydigan F-22 qiruvchi samolyotlarini Janubiy Koreyaga yetkazishi mumkin.

Kecha AQShning uzoq masofaga uchadigan va yadro zaryadi tashiy oladigan B-52 strategik bombardirovkachi samolyoti Janubiy Koreya ustidan uchib o'tgan. Kuzatuvchilarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar bu bilan Pxenyanni ogohlantirmoqchi bo'lgan.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari admirali, Qurolli kuchlar Tinch okeani qo'mondonligi rahbari Xarri Xarrisning aytishicha, AQSh bu bilan Janubiy Koreya va Yaponiya kabi ittifoqchilarini hamda o'z hududini himoya qilishga tayyor ekanini namoyish etdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi barcha tomonlarni ziddiyatlarni oshirmaslikka chaqirdi.

Pxenyan chorshanba kuni vodorodli bomba muvaffaqiyatli sinovdan o'tganini ma'lum qildi. Kommunistik davlat rahbari Kim Chen Unning aytishicha, Amerika yetakchiligidagi imperialistlar Koreya yarimorolida yadro urushini keltirib chiqarmasin deb, Shimoliy Koreya yadroviy salohiyatini kuchaytirishga majbur.

Janubiy Koreya xalqaro hamjamiyatni qo'shni davlatga qattiq sanksiyalar qo'yishga chaqirdi.

Xitoy Atrof-muhitni himoya qilish vazirligining bildirishicha, Shimoliy Koreya bilan chegarada 500 dan ziyod mutaxassis so'nggi uch kun havoda radiatsiya miqdorini o'lchab, atmosferada nurlanish qayd etilmagan, deya xulosa qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG