Norvegiyada terrorizmda ayblanayotgan Anders Bering Breyvik juma kungi xurujlarda qancha odam o’ldirganini va xalqi uning qilmishidan qanchalik dahshatda ekanini bilmaydi. Breyvikning advokatlari shunday ma’lumot bermoqda.
Ayblanuvchi ruhan kasal, deydi ular. 32 yoshli Brevyik yopiq eshiklar ortida o’tayatgan sudda Osloda bosh vazir idorasi oldida bomba portlatgani, so’ngra esa kichik bir orolda yozgi lagerda bolalarni o’qqa tutganini tan olib, buni mamlakatni musulmon muhojirlardan tozalash uchun qilganini aytgan edi.
Breyvik har ikki jinoyatni o’z bo’yniga olgan, lekin ularni jinoyat deb bilmaydi.
“Bu shafqatsiz harakatlar, biroq Norvegiya jamiyatini uyg’otish uchun shunday qilish zarur edi”, - degan u, kecha sud huzurida.
Hujumlardan oldin Breyvik internetda o’z fikrlarni aks ettirgan maqolalar chop etgan. Xatlarida Breyvik Yevropani musulmon muhojirlar bosib ketganidan nolib, siyosatchilarni “xristian ahliga xiyonatda” ayblagan.
Advokati Geir Lippestadning aytishicha, Breyvik Norvegiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida islomga qarshi targ’ibot ishlari olib borayotgan radikal nasroniy guruhlar bilan hamkorlik qilgan.
“Anders Breyvik odam o’ldirish uchun emas, Norvegiyani musulmonlar egallab olmasligi uchun deya shunga ishga qo’l urganini aytmoqda”, - deydi ayblanuvchini tinglagan sudya Kim Xeger.
Londondagi Kingston Universiteti olimi, ekspert Andrea Mammon Yevropada neo-nasroniy va etno-sentrik guruhlar keng quloch yozayotganini aytadi.
“Bunaqangi mulohaza Yevropa uchun yangilik emas. Yevropa yaxlit bo’lishi, Yevropa har jihatdan ustun ekani haqida bong uruvchi, qarashlari o’ta keskin odamlar bor. Anders Breyvik ham ana shular jumlasidan”, - deydi u.
“Lekin hamma ham zo’ravonlikka qo’l urishni istamaydi”, - deydi tahlilchi.
Brevyik Norvegiyada hukmron Leyboristlar partiyasi immigrantlarni qo’llab-quvvatlab, milliy qadriyatlarni poymol qildi deb yozgan.
22 iyu kuni Oslo va Otoeya orolidagi xurujlar 76 kishini hayotdan olib ketdi. O'lganlar soni 93 deb ko'rsatilgan edi, keyinroq politsiya qayta hisoblab, ayrimlar ikki marotaba sanab yuborilganini ma'lum qildi.
Norvegiyadagi qatliom ketidan Yevropa bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda, jumladan Britaniyada ektremist, millatchi guruhlar ustidan nazorat oshirilgan.
“Terrorizmning har qanday ko’rinishining oldini olish kerak. Yevropa Ittifoqi ogoh turishi kerak”, - deydi Bosh vazir Deyvid Kameron.