Breaking News

Amerika atom inshootlarida kamchiliklar topildi


Kaliforniyadagi Diablo Kanyon atom elektr stansiyasi
Kaliforniyadagi Diablo Kanyon atom elektr stansiyasi

AQSh yadro sanoati rasmiylarining bildirishicha, Yaponiyada zilzila va sunami oqibatida Fukushima atom elektrostansiyasi ishdan chiqqach, Qo'shma Shtatlarda barcha reaktorlar xavfsizligi qayta ko'rib chiqildi.

Kongressda o'tgan tinglovda Yadro nazorati komissiyasi qonunchilarga bu borada hisobot berdi.

Amerika Qo'shma Shtatlarida 104 ta yadro reaktori bo'lib, elektr quvvatiga bo'lgan mamlakat ehtiyojining 20 foizi atom zavodlarida ishlab chiqarilgan energiya hisobiga qoplanadi.

Yaponiyadagi ofatdan so'ng qonunchilar va mutaxassislar mamlakatdagi barcha reaktorlar ahvoli va zavodlardagi xavfsizlik choralarini tekshirishga chaqirgan edi.

Nyu-Jersi shtatidan Senatga saylangan demokrat Frenk Lotenbergning aytishicha, Yaponiyadek ilg'or texnologiyalar bobida yetakchi davlatdagi voqeadan so'ng AQShda ham shunday ofat yuz berishi mumkinmi degan xavotir mavjud.

"Yaponlar Fukushimada xavfsizlik choralari puxta ishlangan, har qanday ofatga dosh bera oladi, deb aytishgan edi. Aslida bunday emasligiga guvoh bo'ldik", - deydi senator.

1979-yili Pensilvaniya shtatidagi reaktorda ham avariya bo'lgan. Ammo ko'lami Fukushimachalik bo'lmagan, odamlar o'lmagan.

AQShda yadro sanoati faoliyati nazorat etuvchi komissiya rahbari Gregori Yashkoning aytishicha, Yaponiyadagi halokatdan so'ng AQShda zudlik bilan barcha atom zavodlarini mustaqil ravishda tekshirishga ko'rsatma berilgan.

"Inshootlarga kuchli zarar yetgan taqdirda nima qilish kerak, elektr ta'minoti uzilsa, toshqin ro'y bersa, zilzila sodir bo'lsa, qanday chora ko'rish kerak - har bir atom elektrostaniyasida ahvol birma-bir o'rganib chiqildi", - deydi u.

May oyida komissiya hisobot chiqarib, 12 ta zavodda kamchiliklar topilganini ma'lum qildi.

Senatda Atrof-muhit masalalariga mas'ul qo'mita raisi, kaliforniyalik Barbara Bokser ana shunday inshootlardan biri uning shtatida ekanidan xavotir bildirdi.

"Komissiya inspektorlari xulosasidan shu narsa ma'lumki, Diablo Kanyon atom zavodi shtatlararo magistral va boshqa yo'llardan uzoqda joylashgan. Avariya ro'y bergudek bo'lsa, elektr quvvati ishlab chiqarish uchun zaxiradagi generatorlarni yurg'izishga dizel yoki reaktorni sovitish uchun suv yetkazish amri mahol. Suvni rezervuardan zavodgacha uzatish shlanglari esa nazorat to'sig'i ortida yotibdi", - deydi senator Bokser.

Komissiya rasmiylari kamchiliklar tuzatilyapti, deya qonunchilarni ishontirmoqda. Fukushima falokatidan saboq olishda davom etyapmiz, deydi guruh raisi Gregori Yashko.

"Shu kungacha bir vaqtning o'zida bir joyda avariya bo'ladi, deb o'ylaganmiz. Ammo Fukushimadan so'ng falokat bir necha reaktorda yuz berishi mumkinligini hisobga olishimiz kerak", - deydi Yadro nazorati komissiyasi rahbari.

Senat qo'mitasida yadro yonilg'isi Amerikaga kerakmi, degan savol ham muhokama qilindi. Qonunchilar fikrining bo'lingani yaqqol ko'zga tashlandi.

Tennessi shtatidan saylangan respublikachi senator Lamar Aleksandrning aytishicha, atom quvvati Amerikaga arzon elektr energiyasini beradi.

"Bu esa ko'plab ish o'rinlarining yaratilishiga olib keladi. Bundan tashqari, deydi qonunchi, atom zavodlarida olingan elektr quvvati tarkibida uglerod, oltingugurt, azot va merkuriy kabi inson salomatligi va atrof-muhit uchun zararli moddalar bo'lmaydi".

Oregon shtatidan demokrat-senator Jeff Merkeli esa o'zgacha fikrda.

"Atom energiyasi o'zini oqlamaydi. Bu juda ham qimmat loyiha. Inson xatosi, terrorchilar tahdidi yoki tabiiy ofat mislsiz fojiani keltirib chiqarishi mumkin. Yoqilg'ining boshqa muqobil turlarini izlashda davom etishimiz kerak", - deydi senator Merkeli.

Atom energiyasi xavfi va ovorasi yana shundan iboratki, yadro chiqindilarini xavfsiz va maxsus sharoitda saqlash lozim.

1980-yillarda barcha reaktorlardan chiqqan axlatni bir joyda, aholi kam yashaydigan Nevada shtatida saqlashga kelishilgan edi. Loyiha uchun milliardlab dollar sarflangan.

Barak Obama prezident etib saylangach, loyihada jiddiy kamchiliklar topilib, qurilish bekor qilindi. Yadro chiqindilari uchun yangi omborxonaning qayerda va qachon qurilishi esa hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG