Nyu-Yorkda qimmat ko’chmas mulkni sotib olishga qiziqqan xorijliklar ko’paymoqda. Aksariyat investorlar Kanada, Xitoy va Rossiyadan kelgan badavlat odamlar. Manxetten rayonining eng zo’r joylaridagi binolarda o’n millionlab dollar sarflab, xonadonlar sotib oladi.
Shimoliy yarim shardagi eng baland bino Nyu-Yorkning mashhur Markaziy parki yaqinidagi G’arbiy 157-ko’chada joylashgan.
Hali qurib bitkazilmagan bu imoratda xonadonlarning aksariyati sotib bo’lindi. Narxi 90 million dollardan ziyod ikki kvartiraga ham xaridor topildi. Bino direktori Jinni Vudbri 19 million dollarlik xonadonni ko’rsatmoqda.
“Shift balandligi uch metrdan oshiq (3,17 metr). Binodagi eng past shift bu. Arxitektor Kristian de Portsampark devorlarga poldan shiftgacha derazalar o’rnatgan. Bu holda siz nihoyatda go’zal manzarani ko’rasiz. Kvartiralarga ishqiboz xaridorlar aynan shunga qiziqadi”.
Yangi xonadonlar sohiblarining aksariyati xorijliklar. “Sotbis Interneshnl” firmasi brokerlari Nikki Fild va Deniel Chan Xitoyga tez-tez qatnaydi.
“Hammasi Nyu-Yorkka kelishga ishqiboz”. Chunki bu yerdagi siyosiy vaziyat barqaror. Bu shaharda ko’chmas mulk sotib olsangiz, pulingizni xuddi seyfga qo’ygandek bo’lasiz. Xarajatlar qoplanadi, mulk narxi oshib boradi. Mulkning musodara qilinishidan qo’rqmasa ham bo’ladi,” - deydi Chan.
Ammo yaqinda bu binodan biroz narida bundan-da balandroq imorat qad ko’tarmoqda. Markaziy parkning shundoq yonida. Xitoylik xaridorlar shunga qiziqadi, deydi u.
“Ular birinchi navbatda Markaziy parkni so’raydi. Xaridorlarimning aksariyati “bog’ ko’rinib tursin, uyim Markaziy park qo’ynida bo’lsin” deydi”.
Nyu-Yorkning Manxetten rayonidagi ko’chmas mulkni sotib olishda xitoyliklar tarixda ilk bor ruslardan o’zib ketdi. Birinchi o’rinda hamon kanadaliklar. Dayan Fransis ulardan biri.
“Biz bu yerdagi iqtisodiy muammolar yechimimiz. Iqtisodiy tengsizlik yechimimiz. Biz odamlarni ishga olamiz, milliardlab dollar pul sarflaymiz, sarmoya olib kelamiz,” - deydi u.
Dunyodagi eng badavlat odamlar Nyu-Yorkda mulk sotib olmoqda. Bu yaxshi sarmoya, ham xavfsiz, deydi Fransis.
"Ba’zilar vatanidagi tuzumlarning qulashidan yoki milliy valyutaning beqarorlashishidan xavotirda. Xitoyni oladigan bo’lsak, albatta, ularning hammasini yomonlamoqchi emasman, lekin mamlakat ichida korrupsiyaga qarshi jiddiy kampaniya ketmoqda. Nyu-Yorkka kelganlar yashirgan pulini olib kelib, bu yerda boshqa odam nomiga ko’chmas mulk sotib olyapti”.
Tanqidchilar esa bu xonadonlarni faqat o’ta badavlat odamlar sotib olishi, bu esa tengsizlikni chuqurlashtirayotganini aytadi. Ko’p kvartiralar yil bo’yi bo’sh turadi. Chet ellarda boylik orttirganlar mulkdan soliq ham to’lamaydi.
Xorijliklarga mulk sotish tarafdorlari ham bunday amaliyot natijasida ko’chmas mulk narxi osmon baravar bo’lganini aytadi. Nyu-York boylar shahriga aylanmoqda, deydi hamma.