Prezident Obama ma'ruzasini Indoneziyada so'nggi 10 yildagi demokratik o'zgarishlarni olqishlashdan boshlab, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kerak, dedi.
Uning aytishicha, AQSh-Indoneziya munosabatlarida uch yo'nalishga e'tibor qaratish kerak: taraqqiyot, demokratiya va din.
Prezident Obama Indoneziyaning jahon iqtisodiyotidagi rolini ham ta'kidlab, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga, almashinuv dasturlari bo'yicha AQShda indoneziyalik talabalar sonini ko'paytirishga va'da berdi.
Barak Obama musulmon dunyosi bilan munosabatlarni mustahkamlash ahamiyatiga to'xtalar ekan, Iroqda urushni tugatib, 100 ming askarni mamlakatdan chiqardik, Afg'oniston barqarorligiga hissa qo'shar ekanmiz, xavfsizligini ta'minlab, qayta qurishda yordam beryapmiz, Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlagan holda turg'un bo'lib qolgan bevosita muloqotni jonlantirishga muvaffaq bo'ldik, biroq terrorizm va ekstremizm ildiziga bolta urish uchun hali ko'p ish qilishimiz kerak, dedi.
"Amerika islom bilan urush qilayotgani yo'q, qilmaydi ham. Barchamiz birlashib, al-Qoida va unga hamtovoq guruhlarga qarshi kurashishimiz lozim. Islomdek buyuk din peshvolari sifatida gapirishlariga yo'l qo'ymaslik kerak".
Prezident rafiqasi Mishel Obama bilan Jakartadagi Istiqlol masjidini ko'zgan kechirdi. Masjid qarshisidagi cherkovni ko'rib, diniy bag'rikenglik haqida gapirdi.
""Birlik - xilma-xillikda" shiori AQShga ham, Indoneziyaga ham yaxshi tanish. Davlatlarimiz tarixda har xil yo'lni bosib o'tgan bo'lsa-da, turli e'tiqodga ega millionlab odamlarni erkin qilib, bir bayroq ostida birlashtira oldi", - deydi Obama.
Indoneziyadan so'ng AQSh rahbari Janubiy Koreyaga o'tgan. Bugun Seulda. Katta Yigirmalik guruhi rahbarlarining iqtisodiy sammitida ishtirok etadi.
"Bir vaqtlar jahon iqtisodiyoti taqdirini 7-8 davlat hal qilar edi. U kunlar o'tdi. Katta Yigirmalik xalqaro iqtisodiy munosabatlarni belgilovchi markazga aylandi", - deydi Obama.
Tahlilchilar nazarida Seul sammiti Barak Obama uchun oson kechmaydi. AQSh iqtisodiyotini rag'batlantirish uchun qo'shimcha dollarni muomalaga kiritishni ko'zlar ekan, hamkor davlatlar naqd pulning ko'payishi mollarining qadrsizlanishiga olib kelishidan xavotirda.
Ertaga prezident Obama Janubiy Koreya, Xitoy va Germaniya rahbarlari bilan alohida uchrashishi rejalangan. AQSh va Yevropa Xitoyni valyutasi kursini ko'tarishga da'vat etmoqda, aks holda Xitoy mahsulotlarini dunyo bozorida arzonga sotib, boshqa davlatlar bozoriga pand bermoqda.
Janubiy Koreyadan so'ng prezident Obama qo'shni Yaponiyaga o'tib, yana bir sammit, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik anjumanida qatnashadi. AQSh taklif etgan xalqaro erkin savdo bitimi muhokama qilinadi.
Yakshanba kuni AQSh prezidenti vataniga qaytadi.
Obamaning aytishicha, AQSh-Indoneziya munosabatlarida uch yo'nalishga e'tibor qaratish kerak: taraqqiyot, demokratiya va din.