Bugun prezident Barak Obama musulmon dunyosini o’z xalqi nomidan muqaddas ayyom - Qurbon hayiti bilan muborakbod etdi. Iyd-ul-Adha insonlarni mehr-oqibat, muruvvat va saxovatga chorlovchi bayram, deydi AQSh rahbari.
Ayni damlarda ikki yarim milliondan oshiq musulmon Makkada haj farzini ado etmoqda.
Ziyorat 14 noyabrda boshlangan, 18 noyabrda yakunlanadi.
Haj dunyoda eng ko’p odam bir joyga yig’iladigan yillik tadbir hisoblanadi. Bugun Arofat tog’i etaklarida, Muhammad payg’ambar o’zining oxirgi va’z-ogitini qilgan joyda millionlab odamlar ibodat qilib, Allohdan tinchlik va iymon so’radi.
Saudiya Arabistoni muftiysi Abdul Aziz al-Shayx islom ahlini zo’ravonlik, tarqoqlik va urushlarni qoralab, mehr-oqibat yo’lida xizmat qilishga chaqirdi.
Muftiy deydiki, islom terrorizmni jinoyat va gunoh deb biladi. Bu dunyo inqirozga uchramasin desak, terrorizm qatorida qashshoqlik, ishsizlik va turli kasalliklarga qarshi kurashni ham kuchaytirish kerak, deydi u.
Hajga borganlarning xavfsizligini ta’minlash uchun Saudiya Arabistoni katta mablag’ sarflagan, deydi general Abdulla Jadaviy, amal bir maromda o’tishi uchun ma’sul arbob.
“Har bir jarayonni yaqindan kuzatib turibmiz va ziyoratchilar uchun barcha sharoit muhayyo”,- deydi u.
Tirbandlik, ehtiyotsizlik haj paytida ko’p uchraydigan muammo. O’tgan yillar ichida yong’in va oyoq ostida qolib, yuzlab insonlar halok bo’lgan.
Shuningdek, ziyoratchilarning ko’pi keksa yoshdagilar ekan, tibbiy yordam ham nozik masala.
Eronlik ziyoratchilar Makkada Amerika va Isroilga qarshi namoyishlar qilgan. Saudiya Arabistoni haj paytida odatda bunday chiqishlarga ruxsat bermaydi.
Lekin millionlab odamlar bir joyda ekan, ularning xatti-harakatini nazorat qilish osonmas, asosiy maqsad haj bir tartibda o’tishini ta’minlash, deydi rasmiylar.