Barak Obama Hindistonga uch kunlik safarini yakunlab, bugun Indoneziyaga yetib borgan. Dunyoning eng ko’p musulmon aholiga ega bu davlati AQSh prezidentini anchadan beri orqizib kutayotgan edi.
Obama bolaligining to’rt yilini Indoneziyada o’tkazgan. Uning o’gay otasi Indoneziyadan, singlisi shu yerda tug’ilgan. Prezident o’z xotira daftarlarida Indoneziyani bag’oyat maftunkor, lekin o’ta murakkab bir jamiyat sifatida tasvirlaydi.
“O’zligimni shu diyorda anglay boshlaganman”, - deydi u.
Obama to’rt yildan so’ng Gavayi oroliga qaytib ketadi va u yerda buvi va bobosi qo’lida ulg’ayadi.
Onasi Stenli Anna Dunxem uzoq yillar Indoneziyada yashagan va ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Hukumat uni Indoneziya ravnaqiga qo'shgan hissasi uchun taqdirlab, bu sharafli mukofot uning o'g'li - AQSh prezidentiga topshirildi.
Hayotini antropologiya va taraqqiyot loyihalariga bag'ishlagan Stenli Anna Dunxem 52 yoshida rakdan vafot etgan. Prezidentning otasi (musulmon) Katta Barak Obama Keniyadan bo'lib, onasi (nasroniy) bilan Gavayi Universitetida tanishgan. Obama dunyoga kelganida, Stenli Anna Dunxem 18 yoshda bo'lgan. Prezident Obama ba'zida hazillashib, "onam bilan birga katta bo'lganman" deydi.
Obamaning tashrifi Indoneziyada tabiiy ofatlar avj olgan bir paytga to’g’ri keldi. Obama Jakartada bu davlat prezidenti Susilo Bambang Yudxoyono bilan yonma-yon turib so’zlar ekan, Amerika xalqi nomidan chuqur hamdardlik bildirib, yordam taklif qilgan.
Muzokaralarda savdo va iqtisodiy hamkorlik, iqlimdagi salbiy o’zgarishlar va oqibatlar hamda xavfsizlik masalalari haqida gap ketmoqda. Bugun kechqurun Amerika prezidenti va rafiqasi sharafiga ziyofat berilgan.
Ertaga Obama Janubi-sharqiy Osiyodagi eng yirik islomiy e’tiqod maskani - Istiqlol masjidini ziyorat qiladi.
Indoneziyaga to’rt kunlik safardan keyin Amerika rahbari Janubiy Koreya va Yaponiyada bo’ladi.
Osiyo bo’ylab sayohatini Amerika prezidenti Hindistonda boshladi.
Obama “Hindiston BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosiga aylanishi uchun yordamni ayamaymiz”, dedi.
Hindiston qudrati oshib borayotganini tan olib, uni qo’shni Pokiston bilan aloqalarni yaxshilash, Kashmir mojarosini tinch yo’l bilan hal qilishga undadi.
Prezidentning yaqin maslahatchilaridan biri Ben Roudes deydiki, Osiyo davlatlari bilan rishtalarni mustahkamlash va qit’a bo’ylab Amerika rolini oshirish Vashington o’z oldiga qo’ygan strategik maqsadlardan biri.
Hindiston va Indoneziya, deydi Oq Uy rasmiylari, nafaqat yirik jamiyatlar, balki demokratiya kuchli asosga ega mamlakatlar hamdir. XXI asrdagi ulkan o’zgarishlar shubhasiz mana shu davlatlarda ro’y beradi va Amerika ularni quvvatlashga bel bog’lagan, deydi Ben Roudes.